Breaking News

"Vashington Tayms": O'zbekistonda ayollar sterilizatsiya qilinmoqda


"Vashington Tayms": O'zbekistonda ayollar sterilizatsiya qilinmoqda
"Vashington Tayms": O'zbekistonda ayollar sterilizatsiya qilinmoqda

AQSh gazetasi ma'lumotiga ko'ra, ba'zi joylarda jarayon majburiy tus olgan. Chora aholi sonini nazorat etishga qaratilgan.

"Vashington Tayms" gazetasida chiqqan maqolaga ko'ra, O'zbekistonda eng yuqoridan olingan buyruqqa binoan bir necha yildan beri ayollarni sterilizatsiya qilish kampaniyasi avjida, ya'ni jarrohlik yo'li bilan kontratsepsiya qilish.

Gazeta inson huquqlari faollari, jabrdiydalar va ismini oshkor etishni istamagan ayrim sog'liqni saqlash mutasaddilari bergan ma'lumotlarga ishora qilar ekan, bu bilan hukumat aholi sonining haddan tashqari ko'payishi va shu bilan birga ijtimoiy tartibsizliklar ehtimolining oldini olmoqchi, deb yozadi.

Ko'p hollarda bunday protsedura tug'ruqxonaning o'zida, asosan kesar yo'li bilan farzand ko'rgan ayollarga nisbatan amalga oshiriladi. Aksariyat ayollar sterilizatsiya qilinishini payqamaydi ham, operatsiya ularning ruxsatisiz ijro etiladi.

Bundan tashqari, deb yozadi "Vashington Tayms", asosan qishloq joylarda shifokor va hamshiralar ayollarni sterilizatsiyaga undab, da'vat etmoqda. Ba'zida esa bunday jarayondan o'tgani haqida spravkasi yo'q ayollar ishga qabul qilinmas ekan.

"Vashington Tayms" ga ko'ra, 2007-yilda BMTning qiynoqlarga qarshi qo'mitasi O'zbekiston haqidagi hisobotida o'zbek ayollarida ba'zi hollarda reproduktiv organlar olib tashlangani qayd etgan.

Kontratseptiv tabletkalar yoki prezervativdan foydalanishni targ'ib qilish o'rniga hukumat bunday keskin choraga qo'l urayapti, deyiladi maqolada.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG