Breaking News

Novqatda to'polon, bir kishining uyiga o't qo'yilgan, 20 odam hibsda


Qirg’izlar jinoyatda o’zbeklarni gumon qilar ekan, etnik to’qnashuvlar yangilanishi mumkin degan xavotir hukmron
Qirg’izlar jinoyatda o’zbeklarni gumon qilar ekan, etnik to’qnashuvlar yangilanishi mumkin degan xavotir hukmron

Bugun Qirg’iziston janubida 500 ga yaqin odam to’planib, mahalliy amaldorning qotilini topishni talab qilgan. Jinoyatda ayblangan shaxsning uyiga o’t qo’yilgan.

Voqea O’sh viloyati Novqat tumanida sodir bo’lgan. 23 fevral kuni bu yerda “Leksus” rusumidagi avtomobilda soliq boshqarmasi rahbarining o’rinbosari Saginbek Alimbayevning jasadi topilgan edi.

Qirg’izlar jinoyatda o’zbeklarni gumon qilar ekan, etnik to’qnashuvlar yangilanishi mumkin degan xavotir hukmron.

Bugun Bishkekda Ichki ishlar vaziri Zarilbek Risaliyev matbuot anjumani o’tkazib, masalaga oydinlik kiritishga urindi.

“25 fevral kuniyoq bu jinoyatda ayblanib bir necha shaxs hibsga olingan. Qotillikni kim buyurganini bilamiz. Marhumning oilasi tergov qanday ketayotganidan yaxshi xabardor”,- deydi u.

Shu bois, deydi vazir, bir to’da yoshlarning asossiz talablar bilan chiqib, jamoat tinchligini buzayotganiga toqat qilinmaydi.

Vaziyatni o’nglash uchun bugun hududga maxsus guruh borgan va kamida 20 kishi qamoqqa olingan.

Ular orasida bir nechasi kayf holatda bo’lgan.

“Ayni damda Novqatda tartib o’rnatilgan. Besh blok- post joriy qilingan. Novqatning markaziy ko’chalarida maxsus nazorat kuchlari safarbar etilgan. Xaloyiq tinchimas ekan, favqulodda choralar ko’rishda davom etamiz”,- deydi Risaliyev.

Qirg’iz fuqaro o’limida o’zbek ayblanayotgani, Ichki ishlar vaziri fikricha, etnik kelishmovchilikka borib taqaladigan masala emas.

“Jinoyat ortidagi sabablar shaxslararo nifoq ekanini bilamiz. Bu buyurilgan va bir guruh odamlar tomonidan sodir etilgan jinoyat”.

Qirg’iziston Davlat Xavfsizlik Qo’mitasi raisi muovini Marat Imankulov deydiki, etnik to’qnashuvlar chiqarishga harakat qilayotgan kuchlar bor va ulardan ogoh bo’lib turish kerak.

“Biz tartibni saqlashga qodirmiz. Sharoitni aholi, ayniqsa, o’zbeklar va marhumning oilasi tushunadi. Viloyatda vaziyat barqaror”,- deydi u.

O'shda Inson Huquqlari Himoyasi markazi rahbari Ravshan Gapirov voqeada militsiya va butun tuzumni ayblaydi

Hali aybi isbotlanmagan odamni nega militsya "jinoyat buyurtmachisi" deb atamoqda?

O'tgan yilgi qirg'in uchun ham barcha jinoiy ayblar asosan o'zbeklarga qo'yilmoqda, deydi u.

"Jonini saqlash uchun qochib ketgan ko'plab o'zbeklarga qarshi ham bugun jinoiy ishlar ochilgan. Biror isbot-dalilsiz ular jinoyatchi deb atalmoqda", - deya yozadi Ravshan Gapirov matbuotga bergan sharhida.

Huquq himoyachisining eslatishicha, Qirg'iziston jinoiy kodeksining 7-moddasiga binoan sudda aybdor deb topilmagan odam aybdor emas.

"Bizda har bir jinoiy tergov qonun buziladi. Bu bilan elatlar bir-biriga qarshi qo'yiladi", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG