Qirg’izistonning O’sh shahrida bu yil “Do’stlik va totuvlik yili” deb e’lon qilingan. Mahalliy davlat tizimlari bir necha yo’nalish bo’yicha tadbirlar ishlab chiqqan.
O'sh va Jalol-Obod ahli nazarida bu gaplar faqat qog’ozda. Amalda hukumat biror konkret chora ko'rmayapti, deydi odamlar.
Rasmiy Bishkek Janubiy Qirg’izistondagi vaziyatga nisbatan qanday siyosat olib borayapti? Muammolarni yechish uchun nima qilayapti?
Bishkeksdan siyosatshunos, taniqli diplomat Orozbek Moldaliyev mulohaza yuritadi:
“Ikki xalqni yarashtirish, vayron bo’lgan uylarni tiklash, bundan tashqari boshqa masalalarni yechishda ham qarorlar qabul qilingan. Etnik taraqqiyot konsepsiyasi ustida ish ketayotir. Bu asosiy yo’nalishlar. Iyun voqealari yuzasidan bir necha komissiya ish olib borgan va ularning tavsiyalari ustidan hukumat ham ish olib borishi kerak”, - deydi u.
Jalol-Oboddagi inson huquqlari tashkiloti xodimi Abdumalik Sharipovning aytishicha, markazdan ko’p fikrlar aytilmoqda, tavsiyalar berilmoqda, ammo amaliy ish oz.
“Qilinayotgan ishlar yuzakiga o’xshab qolayapti. Quvontirayotgan tomoni – mahalliy davlat ma’muriyatlari qoshida jamoatchilik qo'mitalari tuzilgani. Ular totuvlik o’rnatish masalalari bilan shug’ullanadi. Bunday qo'mita Jalol-Obod viloyatida ham o’z ishini boshlagan”, - deydi mutaxassis.
O’shlik qirg’iz adibasi, “Umay ona” siyosiy partiyasi rahbari Salima Sharipova kuni kecha Bishkekda Birlshgan Millatlar Tashkiloti va Qirg’iziston hukumati hamkorlikda o’tkazgan anjumanda qatnashdi. Mazkur anjuman o’zaro ishonch, tinchlik va totuvlikni tiklashda ayollarning roliga bag’ishlangan.
“Uchrashuvda bizning prezident o’z dasturlari haqida ma’lumot berdi. Birlashgan Milatlar Tashkiloti ham o’z ko’magini ayamayapti. To’rt boshqichdan iborat dastur ishlab chiqilgan.
Uning qayd etishicha, hozir Janubiy Qirg’izistonda ayollar faollashgan.
Rasmiy Bishkek o’lkada kriminal guruhlar bosimi kuchayganini tan olib, ularga qarshi kurash boshlaganini bayon qilgan.
Mamlakat Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, 10 kun ichida 30 dan ziyod uyushgan jinoyatchilik vakillari qo’lga olingan.
Ammo aksar kuzatuvchilar bu quruq gaplar deb hisoblaydi. Aytaylik, Janubiy Qirg’izistonda jinoiy to'dalar mulkni qayta bo’lishda faol qatnashmoqda.
O’sh shahrida har bir do’konga soliq solgan. Bu haqda kuni-kecha prezident apparati boshlig’i Emilbek Kaptagayev ham aytdi.
“Qirg’iziston huquq-tartibot va maxsus tizimlari bir necha oy ichida mamlakatni kriminal kuchlardan tozalashni va'da qilgan. Ammo bu haqda ma’lumotlar jamoatchilikga yaxshi yetkazilmayotganday. Bu narsalarni aholiga to’liq va batafsil yetkazish kerak. Sababi jamoatchilik zikr qilingan kurashni qo’llamasa, ushbu kurash yaxshi natija bermaydi”, - deydi siyosatshunos Orozbek Moldaliyev.
Vaziyatni barqarorlashtirishda ommaviy axborot vositalarining roli katta. Ayni paytda qirg’iz ro’znomalari faoliyatiga qator davolar mavjud. Mahalliy tahlilchilar ehtiroslar uyg’otayotgan chiqishlarga chek qo’yish darkorligini ta’kidlaydi.
Inson huquqlari tashkiloti xodimi Abdumalik Sharipov fikricha, parlamentdagi turli gap-so’zlar, ro’znomalardagi har-xil maqolalar aholini tashvishlantirmoqda.
“Ommaviy axborot vositalarida millatlarning sha'niga tegadigan so’zlar, ularni kamsitadigan chiqishlarga qarshilik ko’rsatilmayapti. Turli mish-mishlar aholini xavotirga solmoqda”, - deydi u.
“Ommaviy axborot vositalari ko’proq sensatsiya izlaydi. Kimdir buyurtma maqolalarini chop ettirgan paytlari bo’lgan. Ma’qul bo’lmagan lavhalar ham ko’payib ketdi. Davlat tizimlari informatsiya siyosatini o’nglashi lozim", - deydi Orozbek Moldaliyev.
Suhbatdoshlar nazarida aholining kayfiyatiga ta’sir qiluvchi asosiy omillar, xususan iqtisodiy va ijtimoiy masalalar, madaniyat va ma’naviyat sohasiga hali davlatning qo’li tekkanicha yo’q.
Buning uchun ko’p vaqt, e'tibor va mablag’ kerak bo’ladi, deydi ular.