Yaqin Sharqdagi vaziyat nafaqat arab dunyosi va G’arbda balki yopiq jamiyatlar sanalmish Markaziy Osiyo davlatlari bo’ylab ham qizg’in munozara uyg’otgan.
Taniqli adib va tahlilchi, Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat arbobi Odiljon Obidov fikricha:
"AQSh siyosati haqida gap boshlashdan oldin hozir Yaqin Sharqda va musulmon olamining qator davlatlarida bo'layotgan voqealar nuqtai nazarida yondashish to'g'ri bo'ladi", - deydi u.
"Sababi, Misr, Iordaniya, Quvayt, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlar ko'p yillardan beri AQShga ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan yaqin mamlakatlar. Mana shu yurtlar safida aynida damda bo'layotgan to'polonlar Qo'shma Shtatlarning mintaqadagi siyosati bilan bog'langan, biz xohlasak ham, xohlamasak ham", - deydi adib.
Misr g'alayonlar domiga tortilgach, prezident Barak Obama bu davlatda zudlikda muvaqqat hukumat tuzilsin, deya da'vat etgan edi.
"Bu voqealar boshlanishining o'zi Yaqin Sharqda, xususan, Misrda Amerika ko'p yillardan beri olib borayotgan siyosatning mahsuloti, shu oqibatida kelib chiqqan vaziyat deb bilaman", - deydi Odiljon Obidov.
"Amerika, mana shu g'alayonlar boshlangandan keyin hukumatni, siyosatni almashtirish kerak, degan pozitsiyaga o'tib olishi AQShning regiondagi siyosati qandaydir inqirozga uchraganidan dalolat beradi",- deydi arbob.
Amerika, deydi u, juda mukammal hisoblangan demokratiyasi bilan kirib borgan edi.
"Bu siyosat o'zini oqlamaganini ko'rib turibmiz. Bu demokratiyaning ta'siri biz o'ylagancha bo'lmaganini ko'rayapmiz. Demokratiya AQSh uchun bir masala, Misr uchun boshqa. Mana shu bois bu siyosat Yaqin Sharqda obro'sini yo'qotganday", - deydi Odiljon Obidov.
Vashington o'z siyosatini o'zgartirishi aniq, deydi olim.
"Lekin bu o'zgarishlar qanday bo'ladi, qay tomon buriladi - buni aytish qiyin hozir", - deydi qirg'izistonlik taniqli arbob.