Breaking News

Saylovlar mavsumi avjida - kuzatuvchilar uchun ish ko'p


Joriy yil oxirigacha Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligiga a’zo bir necha davlatda saylovlar bo’lib o’tadi. Qirg’izistonda parlament, O’zbekistonda prezident va Turkmanistonda mahalliy kengashlarga saylovlar. Jumladan, Rossiyada parlament saylovlari.

Ularni kuzatish Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi zimmasida.

1990 yilda qabul qilingan shartnomaga ko’ra, YXHTga a’zo 56 davlat saylovlarga kuzatuvchilarni taklif qilishi kerak.

Tashkilotning Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi mamlakatga ekspertlar guruhini yuboradi.

Guruh hukumat va saylov komissiyasi rasmiylari, matbuot, siyosiy partiyalar bilan uchrashadi, saylovloldi vaziyat va tayyorgarlikni o’rganadi. Saylovlarni kuzatish xususida tavsiyalar beradi.

Idora so’zlovchisi Urdur Gunnarsdottirning aytishicha, mazkur tavsiyalar asosida kuzatuvchilar soni, ish uslubi aniqlanadi.

Idora 16 dekabr kuni Qirg’izistonda bo’ladigan parlament saylovlariga hozirlik ko’rmoqda. Saylov muhitini o’rganuvchi ekspertlar guruhi Qirg’izistondan qaytib, o’z tavsiyalarini bayon qilgan.

Ayni damda, deydi u, kuzatuvchilarni jalb qilish jarayoni ketmoqda. Kuzatuvchilar, odatda, YXHTga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirligi tavsiya qilgan mutaxassislar safidan tanlanadi. Umumiy guruhda bir mamlakatdan tanlangan kuzatuvchilar soni 10 foizdan oshmasligi zarur.

5 yanvarda Gruziyada erta prezident saylovlarini kuzatish uchun 40 davlatdan 300ga yaqin mutaxassis tanlangan. Har bir kuzatuvchi saylov jarayoni davomida kamida 10 saylov uchastkasida kuzatuv ishlarini olib borishi kerak.

23 dekabr kuni O’zbekistondagi prezident saylovlariga kuzatuvchi yuborish qarori hali qabul qilinmagan, deydi Yevropaning Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi so’zlovchisi Urdur Gunnarsdottir. Saylovoldi muhitni o’rganuvchi guruh hali ham O’zbekistonda.

1999 va 2004 yilda O’zbekiston parlamenti saylovlarini tashkilotning cheklangan missiyasi kuzatgan. Cheklangan missiyaning maqomi to’laqonli kuzatuvchilar guruhidan past.

YXHT O’zbekistondagi saylovlarni hali biror marta adolatli va ochiq deb tan olmagan.

XS
SM
MD
LG