Prezident Islom Karimovning 27 iyun Matbuot kuni munosabati bilan o’zbek jurnalistlariga yo’llagan tabrigi oldingilaridan ancha katta.
Rahbar internet roli va uning auditoriyasi tobora kengayib borayotganini e’tirof etgan.
“Biz odamlarimizning Internet imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanishga bo‘lgan intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz. Takror bo‘lsa-da, aytmoqchiman – axborot olamida qandaydir devor o‘rnatish, o‘z qobig‘iga o‘ralib, mahdudlikka yuz tutish yo‘li bizga aslo ma’qul emas”, - deyiladi O’zbekiston prezidenti tabrigida.
Biroq prezident internetdan kelayotgan “xavf”ni ham chetlab o’tmaydi.
“Shu bilan birga, bugun yon-atrofimizda, uzoq-yaqin mintaqalarda yuz berayotgan voqealarni inobatga oladigan bo‘lsak, hali ongi, hayotiy qarashlari shakllanib ulgurmagan yoshlarni chalg‘itishga qaratilgan g‘arazli kuchlar ham Internet imkoniyatlaridan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga urinayotgani va bunday intilishlarning qanday salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini e’tibordan soqit qilib bo‘lmaydi”, - deydi Islom Karimov.
Prezident tabrigida jurnalistlar faoliyatini biroz tanqid ostiga oladi, biroq bu galgisi sal yumshoqroq. Avval Karimov matbuotni “tish va tirnoqsizlikda” ayblagan edi.
“Oldimizda turgan yana bir muhim vazifa borki, u ham bo‘lsa, matbuot sohasida hali-beri uchrab turadigan o‘tkir mavzularni chetlab o‘tish, o‘zini o‘zi nazorat qilish, mansabda o‘tirgan kishilarga itoatgo‘ylik, kimgadir yomon ko‘rinmaslik, voqelikka bir xil yondashuv kabi kamchiliklarni bartaraf etish bilan bog‘liqdir”,- deydi prezident.
O’zbekiston prezidenti jurnalistlarni matbuot bayrami bilan qutlab, ularni faollikka chaqirar ekan, shu kuni uning qabuliga kirishga uringan jurnalistlar Saodat Omonova va Malohat Eshonqulova ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
O’zbekiston televideniyesi bilan sudlashayotgan jurnalistlar 27 iyun kuni prezident huzuriga kirishni talab qilib, ochlik e’lon qilishni rejalashtirishgan edi.
Biroq shu kuni militsiya tomonidan ushlab ketilgan jurnalistlar Yakkasaroy tuman sudi tomonidan noqonuniy tarzda aksiya o’tkazish aybi bilan 2 million so’mdan oshiqroq jarima bilan jazolangan.
Anchadan buyon Karimov bilan so’zlashishni talab qilayotgan jurnalistlar prezidentga O’zbekiston televideniyesidagi qonunbuzarliklar, nohaq ishdan bo’shatilganliklari va televideniyedagi mavjud senzura haqida aytishni maqsad qilgan edi.
O’zbekiston prezidenti matbuot kuni munosabati bilan jurnalistlarni tabriklashi – yillik an’ana. Hukumat nazarida jurnalistlar o’z - o’zini senzura qiladi va jasur emas.
Jurnalistlar esa ularning faoliyati qattiq nazorat ostida ekanini, ishini erkin bajarishga harakat qilayotganlar jazolanishini aytib keladi.