Breaking News

O'zbekiston yana "internet dushmanlari" ro'yxatida


Bugun Xalqaro kibersenzuraga qarshi kurash kuni. "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti mamlakatlarni internetda cheklovlarga qarshi turishga, dunyoda imkon qadar ko'p odamni internet bilan ta'minlashga chaqirmoqda.

Tashkilot bayonotida aytilishicha, qator davlatlarda onlayn senzura mavjud, internet faollar hibsda, fuqarolarning elektron maktublari nazorat ostida, ayrim saytlarga to'siqlar qo'yilgan, internetni cheklovchi qonunlar qabul qilingan.

Jahon aloqa tarmog'i orqali o'z siyosiy va diniy qarashlarini erkin bildirgan 120 ga yaqin faol qamoqda.

"Chegara bilmas muxbirlar" 12 davlatni internet dushmanlari deb belgilagan. Ular orasida Turkmaniston va O'zbekiston ham bor. 2011-yilda, deyiladi tashkilot bayonotida, arab dunyosidagi inqilobiy o'zgarishlar aynan internet vositasida amalga oshdi va bu hol ayrim davlatlarni, jumladan, O'zbekistonni xavotirga soldi.

O'zbekiston hukumati internet cheklovlarga rasman qarshi, biroq tarmoqda yoshlarni to'g'ri yo'ldan urish harakatlari mavjudligini ta'kidlaydi. O'zbekistonda internet nazorat ostida, xususan arab bahoriga doir voqealar muhokamasini o'z ichiga olgan forumlar, deyiladi tashkilot bayonotida.

"Chegara bilmas muxbirlar"ga ko'ra, O'zbekistonda muxolif mazmundagi saytlarga to'siq qo'yilgan, mamlakatdagi muammolarni internet orqali yoritayotgan faollar esa ta'qib ostida.

"Internet dushmanlari" qatoriga Bahrayn, Belarus, Birma, Xitoy, Kuba, Eron, Shimoliy Koreya, Saudiya Arabistoni, Suriya va Vyetnam ham kiritilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG