Breaking News

Xalqaro tashkilot: O’zbekiston internetni qattiqroq kuzatishga o’tdi


Xalqaro tashkilot: O’zbekiston internetni qattiqroq kuzatishga o’tdi
Xalqaro tashkilot: O’zbekiston internetni qattiqroq kuzatishga o’tdi

Xalqaro tashkilotlar xulosasiga ko’ra, internet arab dunyosidagi inqiloblarda muhim rol o'ynagan. Buni bilgan O’zbekiston hukumati global tarmoqni cheklashga harakat qilmoqda.

Parijda asoslangan "Chegara Bilmas Muxbirlar" tashkiloti vakili Joxann Bir fikricha, hukumat qoshida tuzilgan, axborot oqimi va tahlili bilan shug'ullanuvchi ekspertlar komissiyasi senzuraning yana bir ko’rinishidir.

“Komissiya internetda tanqidiy ruhda berilyotgan axborotni nazorat qiladi. Bu kontrol uchun ixtisoslashgan yana bir qo'shimcha idora”, - deydi Joxann Bir.

Uning aytishicha, “arab bahori” deya ta’riflanayotgan voqealar O'zbekiston hukumatini ancha xavotirga solgan. Rasmiy Toshkent ehtiyot choralari ko’ra boshlagan.

“Bu boshlanishi. Ma'lumki, “Amerika Ovozi”, “Ozodlik”, “Bi-Bi-Si”, Fergana.ru kabi saytlar anchadan buyon O'zbekistonda berkligicha qolmoqda”, - deydi Joxann Bir.

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada namoyishlar avj olgach, O'zbekistonda mobil telefonlarda SMSlar blokirovka qilinayotgani haqida xabarlar tarqagan edi.

Keyinchalik Rossiyadan O'zbekistonda ommaviy chiqishlar rejalangani haqidagi mish-mishlar chiqdi.

Hukumat amaldagi senzura yetarli emas degan qarorga kelgan, deydi Joxann Bir.

“Bu yangi qadam, chunki avval blokirovka qamrovini bu qadar keng emas edi. Bu harakat rahbarlarning O`zbekistonga nisbatan axborot urushi ketayotgani haqidagi bayonotlaridan so'ng kuzatilmoqda”.

O'zbekiston hukumati "Facebook" singari ommabop tizimlarga muqobil ravishda “Muloqot.uz”ni ishga tushirdi. “Chegara Bilmas Muxbirlar”ning bildirishicha, bu tarmoq rasmiylar nazoratida.

Joxann Bir nazarida ekspertlar komissiyasi O'zbekistonda mavjud axborot bo'shlig'ini yanada kengaytiradi, jumladan, sun’iy yo’ldosh orqali axborot olib kirishga to'sqinlik qila boshlashi mumkin.

Joxann Bir, "Chegara Bilmas Muxbirlar" tashkiloti vakili
Joxann Bir, "Chegara Bilmas Muxbirlar" tashkiloti vakili

“Yaqinda Turkmanistonda sputnik tarelkalarni yo’q qilishga qaror qilishdi. O'zbekistonda tuzilgan komissiya vazifalaridan biri telekanallarni monitoring qilish. Demak, xorij kanallarini nazorat qilib borishi mumkin. Turkmanistonda prezident shahar chiroyini buzmoqda degan bahona bilan barcha sputnik antennalarini olib tashlashni buyurdi”, - deydi Joxann Bir.

“Cherga Bilmas Muxbirlar” dunyo bo'ylab so'z erkinligiga oid vaziyatni kuzatib keladi. Hozirgacha bu borada ko’plab hisobotlar chiqarilgan.

Odatda bunday bayonotlarga nisbatan hukumatlar munosabat bildiradimi, masalan O'zbekiston?

Joxann Bir shunday javob beradi:

“Afsuski, biror javob yoki munosabat bo'lmagan... Biz albatta dunyodagi eng yopiq mamlakatlardan biriga murojaat qilayotganimizni tushunamiz".

"Odatda O'zbekiston, Turkmaniston, Shimoliy Koreya hech qachon javob bermaydi. Bu albatta bizga qiyinchilik tug'diradi. Shuning uchun biz hozir ko'proq O'zbekiston hukumati bilan aloqada bo'lgan xalqaro tashkilotlar orqali muloqot qilishga urinamiz. Yoki, deylik, Yevropa Ittifoqi orqali O'zbekiston rahbariga chiqishga harakat qilamiz”, - deydi Joxann Bir.

“Chegara Bilmas Muxbirlar” tashkilotining bildirishicha, mamlakatda so'z erkiligi bilan bog'liq vaziyat yaqin kelajakda yaxshilanmaydi, aksincha axborot oqimi yanada cheklanishi mumkin.

O'zbekistonda o'nlab mustaqil axborot vositalari, muxolif partiyalarning internet sahifalariga kirishi taqiqlab qo'yilgan bo'lsa-da, hozirgacha rasmiylar bu haqda biror izoh bermagan.

Prezident Islom Karimov iyun oyida Matbuoti kuni munosabati bilan jurnalistlarni tabriklaganida internetda devor yaratish tarafdori emasligini ta’kidlab o'tgan edi. Biroq keyingi vaziyat buning aksini ko'rsatmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG