O'zbekiston davlat televideniyesida senzura, mahalliychilik va korrupsiyaga qarshi kurashib, ishidan ayrilgan ikki jurnalistning ochlik e'lon qilganiga 10 kun bo'ldi. Malohat Eshonqulova va Saodat Omonova prezident Islom Karimov diqqatini jalb etish maqsadida shunga majbur bo'ldi. Ammo mutasaddilardan haligacha javob yo'q.
Saodat Omonova avval Samarqanddagi mustaqil STV studiyasida, so'ng 1998-yildan beri "Yoshlar" telekanalida ijod qilgan. Reportajlarni tomoshabinga burro-burro yetkazar, berilib ishlardi. To'qqiz kun tuz totmaganiga qaramay Amerika Ovozi bilan dadil so'zlashishga harakat qildi.
Televideniye rahbariyatining qaroridan norozi bu ikki jurnalist ularni ishda tiklashni talab qilib, sudga murojaat etadi. Biroq ularning da'vosi qoniqtirilmaydi. Shunda sobiq muxbirlar prezident qabuliga kirishga harakat qilib ko'radi. May oyidan boshlab 26-iyungacha prezident devoniga jami 56 ta maktub yuboriladi. Undan tashqari bosh vazir, ichki ishlar vaziri, Milliy Xavfsizlik Xizmati raisi idoralariga ham ko'plab xatlar jo'natiladi.
Eng achinarlisi, deydi qizlar, Inson huquqlari bo'yicha Ombusdman Sayyora Rashidova ham ularning dardiga ko'zini yumdi.
22-iyunda, Matbuot va Ommaviy axborot vositalari xodimlari kunida Malohat Eshonqulova va Saodat Omonova ochlik e'lon qildi.
Qizlar ochlik e'lon qilganidan to'qqiz kun o'tib ham mutasaddilardan hech biri ulardan xabar olgani yo'q, bitilgan o'nlab maktublardan birortasiga javob kelmadi. Huquq himoyachilari hol-avhol so'rab, dalda berishadi, Fransiya elchixonasi xodimi biz bilan bog'landi, deydi jurnalistlar.
"Ochlikni qachongacha davom ettirmoqchisizlar" degan savolimga Malohat Eshonqulova shunday javob berdi:
"Qarasak, u tomondan yorug'lik bo'lmaydi. Prezident bu ikki ayolga yon bermaydi. Nega? Islom Karimovdek hammaga kuch-qudrati yetgan odam ikki ojizaga "yengilibdi" degan isnodga qolishni istamaydi. Shu bilan birga bizga zulm ham qila olmaydi. Chunki ikki ojizaga adolatsizlik qilgan zolim sifatida tarixda qolishni xohlamaydi. Irodamiz yetgancha, organizmimiz, vujudimiz ko'targancha ochlik aksiyasini davom ettirishsga qaror qildik".
Malohat Eshonqulova va Saodat Omonova "nolamiz prezidentga yetib borganmikan, yetib borganda ham unga noto'g'ri yetkazishmaganmikan" deya umidsizlanmoqda.
"Prezidentga ovozimizni yetkazishning ming bir usulini qo'llab ko'rdik. Birortasidan foyda bo'lmadi. Shu paytgacha prezidentning bundan xabari yo'q deb o'ylab kelardim. "Noumid - shayton" deyishadiku. Hozir ham "yetib bormagandir, yetsa ham, noto'g'ri mazmunda yetkazishgandir" degan fikrga boraman. "Prezident eshitsa bunday bo'lmasdi" degan umid hali ham vujudimda yashaydi. Ammo qalbimdagi kattakon umid kundan-kunga mittilashib, ertaga o'lib qolmasa, deb qo'rqasan, odam".
Matbuot erkinligi haqida har yili balandparvoz gaplar aytib, ma'ruza qiladigan davlat rahbariga bo'lgan umid so'nib borayotgan bo'lsa-da, xalqaro hamjamiyatga bo'lgan ishonch bu ikki jurnalistda hali yo'qolmagan.