Rossiyada parlament saylovlaridan so'ng namoyishlar avj olib, muxolifat prezident saylovidan oldin tezroq uyushishga harakat qilmoqda. Dunyoning boshqa chekkalarida bo'lgani kabi Rossiyada ham internet odamlar uchun aloqa, fikr almashish, uyushish va mablag' to'plash vositasidir.
Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin 4-martga belgilangan prezident saylovlariga hozirlik ko'rar ekan, uning chang'i yohud konki uchib tushgan yoki dzyudo bellashuvi paytida tasvirlangan suratlari internetda saylovlarga bag'ishlangan sahifasidan o'rin olgan.
Biroq jahon aloqa tarmog'ida Putinni mazax qiluvchi karikatura va tanqidiy videolarni ham uchratsa bo'ladi. Birida Putin yugurish poygasida o'z raqiblarini to'pponchadan otayotgan bo'lsa, boshqasida fojiali "Titanik" kemasiga taqlid qilinadi, ya'ni Putin kemada aysberg tomon suzayotgan bo'ladi, yana birida esa oq kiyim kiygan ruhiy kasalxona xodimlari "Putinga ovoz beramiz" deya kuylayotgan bo'ladi.
Bir million odam tomosha qilishga ulgurgan aynan shu video yaqinda Rossiyada YouTube ga qo'yilgan musiqali kliplar konkursida g'olib bo'ldi.
Internet va undagi videolar yosh avlod fikrini shakllayotgan muhim vosita bo'lib xizmat qilmoqda. Izlanishlarga ko'ra, 50 million rossiyalik internetdan foydalanadi, ko'plar davlatga qarashli telekanallarni ko'rmay qo'ygan. Shularning bir qismi Putinning prezidentlikka qaytishiga qarshi.
Moskvada siyosiy masalalar bo'yicha izlanuvchi amerikalik mutaxassis Sem Grinning aytishicha, Rossiya televideniyesi internet bilan raqobatlashishni xohlasa, ish uslubini o'zgartirishi kerak bo'ladi, aks holda yopilishga majbur.
"Dekabrda o'tgan parlament saylovlaridan so'ng Putinga qarshi norozilik namoyishlari internetda keng yoritilayotgan bir paytda televideniye sukut saqlay olmasdi. Yaqingacha bunday tasvirlarning zangori ekranda namoyish etilishini tasavvur etib bo'lmasdi. Ayniqsa, ko'chaga ayrim hisoblarga ko'ra 100 mingga yaqin odam chiqib turgan bir paytda jim turish mumkin emas edi", - deydi Grin.
Biroq Putinning tarafdorlari ham qo'l qovushtirib o'tirmay, internetda tanqidchilariga qarshi hujumga o'tdi. Ammo raqiblariga bas kela olmadi. Saylov komissiyasi Putinga qarshi video izohlarni internetdan oldirishga harakat qildi, lekin ular qo'lma-qo'l bo'lib ketdi.
Amerikalik tahlilchi Sem Grinning aytishicha, komissiya shunday bo'lishini oldindan ko'ra bilishi kerak edi.
Qizig'i shundaki, Putinning parlament saylovlarida g'alaba qozongan "Birlashgan Rossiya" partiyasi saylov kampaniyasiga doir internet sahifasida tilga olinmagan. Sababi oddiy. Muxolifatga o'tgan taniqli blogger Aleksey Navalniyning partiyaga bergan ta'rifi ko'plar ongida mahkam o'rnashib qoldi. Navalniy "Birlashgan Rossiya"ni "muttaham va o'g'rilar partiyasi" deb atagan.
Hukumat jahon aloqa tarmog'ida axborot urushini boy bermoqda. Muxolifat esa internet yordamida bo'lajak namoyishlar uchun pul to'playapti. Faollardan biri Aleksey Kozlov, masalan, besh ming kishidan jami 130 ming dollar to'plashga muvaffaq bo'ldi. Yandeks tarmog'i orqali 500 dollardan ko'p pul yuborish mumkin bo'lmagani bir tomondan muxolifatga qo'l kelmoqda. Hech kim pulni ularga oligarxlar berdi deya olmaydi.
"Yandeks tizimi faqat Rossiyada ishlaydi, shuning uchun pul Amerikadan keldi, deb ham ayblasha olmaydi", - deydi Kozlov.
Muxolifat odamlarni namoyishga yig'ish uchun Facebook va boshqa ijtimoiy sahifalardan ham faol foydalanmoqda. 4-fevral kuni poytaxt Moskvada yirik chiqishlar rejalangan. Ba'zi faollar bir milliongacha odam to'planadi, deya umid qilmoqda.