Breaking News

AQShda Xitoyga nisbatan salbiy munosabat kuchaymoqda


AQShda respublikachi da'vogarlar tashqi siyosatni muhokama qilmoqda
AQShda respublikachi da'vogarlar tashqi siyosatni muhokama qilmoqda

Qo'shma Shtatlar iqtisodiyotini tiklashga urinar, xavfsizlikka tahdidlarni o'rganar ekan, Xitoy bu borada tashvishga molik davlat sifatida tilga olinadi. Shu kunlarda Xitoy haqida nafaqat prezidentlikka intilayotgan respublikachi arboblar, balki Kongress va prezident ham saylovoldi kampaniya jarayonida ko'p gapirmoqda.

Xitoyning ashaddiy tanqidchilari orasida respublikachilar alohida ajralib turadi. Ayniqsa, prezident poygasida qatnashayotgan nomzodlar. Xususan, Texas gubernatori Rik Perri Xitoyni AQSh xavfsizligi uchun eng katta xavf deb biladi.

"Har kuni 35 ming ayolni majburlab abort qildirayotgan, harbiylari internetda kiberxavfsizlikka zo'r bergan bu mamlakat bilan jiddiy shug'ullanishga to'g'ri keladi", - deydi Perri.

Massuchusets shtati sobiq gubernatori Mitt Romni nazarida ham Xitoy uzoq muddatda Amerika uchun bosh og'riq.

"Xitoy savdo borasida biz bilan imzolagan birorta bitimga rioya qilmaydi. Aksariyat kompaniyalar davlatga qarashli bo'lib, Amerikada yaratilgan texnologiya, dizayn va patentlarimizni o'g'irlashadi. Keyin esa o'zinikiga chiqarib, sotib pul qiladi", - deydi prezidentlikka da'vogar yana bir respublikachi arbob.

Vashingtondagi Brukings tahlil institutida Xitoy bo'yicha mutaxassis Chen Lining aytishicha, Amerikada saylovlarga oz qolar, iqtisodiyot esa oqsar ekan, siyosatchilar bahona qidirib, aybni kimgadir to'nkash bilan ovora.

"Hozir iqtisodiyot haqidagi gaplarni Xitoy, uning qudrati va u bilan raqobat mavzusisiz tasavvur etish qiyin. Xoh umuman iqtisodiyot haqida gap ketsin, xoh global, xoh Amerikaniki haqida", - deydi tahlilchi.

Ayniqsa hozirgi saylov jarayonida da'vogarlarning barchasi ilk bor Xitoyga qarshi tish qayrayapti, deydi Li.

Uning aytishicha, hamisha iqtisodiy manfaatlarni ko'zlaydigan respublikachilar odatda Xitoyning yonini olar edi, ammo bu safar vaziyat butunlay boshqacha.

Prezident Obama ham so'nggi payt Xitoyni tanqid qilishdan bo'shamayapti. Yaqinda Gavayida Osiyo va Tinch okeani mintaqasi iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida AQSh rahbari rasmiy Pekinning savdo siyosatini qoraladi.

"Xitoy 20-30 yil oldin savdo qoidalarini buzgan bo'lsa, global moliya tizimi yoki Amerika mavqeiga ta'sir qilmasdi. Ammo u endi voyaga yetdi, jarayonga mas'uliyat bilan yondashmasa bo'lmaydi", - degan edi Obama.

Amerika rasmiy Pekinni tijoriy g'irromlikda ayblab keladi. So'nggi payt saylovchilarning ham bu mamlakatga munosabati salbiylashdi. O'tgan oy o'tkazilgan ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, amerikaliklarning 61 foizi Xitoy iqtisodiy qudratini olqishlamaydi.

Qo'shma Shtatlar Xitoyni internet ustidan nazoratni kuchaytirayotganlikda, ayrim saytlarga to'siq qo'yayotganlikda tanqid qilib keladi. Natijada AQSh kompaniyalari Xitoydagi mijozlar va hamkorlar bilan doim ham aloqa qila olmaydi.

Yaqinda Senatda shu mavzuda tinglov o'tkazilib, Ogayo shtatidan saylangan demokrat qonunchi Sherrod Braun internetni cheklash bilan Xitoy nafaqat inson huquqlarini buzmoqda, balki savdoga ham zarar qilmoqda, degan edi.

"Facebook, YouTube, Twitter kabi ochiq va tiniq biznes yurituvchi kompaniyalar xaridorlardan ayrilib, Xitoy firmalari ularning hisobiga foyda ko'rmoqda", - deydi Braun raqobatning yo'qligidan nolib.

Xitoyni valyutasi yuan bahosini sun'iy ravishda belgilayotganlikda ayblab, AQSh Senati o'tgan oy rasmiy Pekinni jazolovchi qonun qabul qildi.

Xitoy matbuoti nazarida amerikalik siyosatchilar saylovchilar oldida o'zlarini oqlash uchun barcha aybni Xitoyga to'nkamoqda.

Tahlilchi Chen Lining aytishicha, Xitoyda Amerikaga qarshi kayfiyat kuchaymoqda, ammo davlat rahbarlari bunga urg'u bermayapti.

"Xitoy rahbariyati kelajakda Amerika bilan yaqinroq bo'lishni istasa, aholisini unga qarshi gijgijlatmagani ma'qul", - deydi u.

Ayniqsa yanvarda Xitoy vitse-prezidentining AQShga tashrifi oldidan. Si Zinpin 2012-yilda amaldagi prezident Xu Sintao o'rnini AQShdagi saylovlar bilan deyarli bir vaqtda egallashi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG