Breaking News

Klinton xorij firmalarini AQShga ko'proq sarmoya kiritishga undadi


“Mahalliy mahsulot mo’lroq qilib chetga sotilsin, barcha kompaniyalar teng raqobat qila olsin”.
“Mahalliy mahsulot mo’lroq qilib chetga sotilsin, barcha kompaniyalar teng raqobat qila olsin”.

Obama ma’muriyati iqtisodiyotni ko’tarish uchun xorij investorlarini Amerikaga kelib ishlashga da’vat etmoqda.

Shu bilan birga, AQSh kompaniyalari ham xalqaro maydonni zabt etsin, deydi u.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton hozirgi iqtisodiy sharoitda yangi ish o’rinlari ta’minotchisi - chet el sarmoyasi suv va havodek zarur, deydi.

Obama ma’muriyati 2015-yilgacha eksportni ikki karra oshirmoqchi. Janubiy Koreya, Kolumbiya va Panama bilan mavjud erkin savdo natijasida bu maqsadga yaqinlashayapmiz, lekin qator davlatlardan hamon orqadamiz, deydi Klinton.

“XXI-asrda qudratimiz faqat armiya soniga emas, nima yetishtirib sotishimiz, yangilik va kashfiyotlarimiz, ularni qanday qo’llashimizga ham bog’liq. Xitoy, Hindiston va Braziliya kabi jadal rivojlanayotgan davlatlar buni allaqachon tushunib yetgan va tashqi siyosatni iqtisodsiz yuritmaydi”, - deydi Xillari Klinton.

AQShning eng muvaffaqiyatli korporatsiyalaridan biri "Apple"
AQShning eng muvaffaqiyatli korporatsiyalaridan biri "Apple"
Diplomat 100 dan ziyod davlatda ishayotgan Amerika kompaniyalari vakillari va AQShning tijorat, energetika vazirliklari rasmiylari ishtirokidagi global biznes anjumanda so’zladi.

Klinton diplomatiyani ishga solib, AQShga ko’proq xorij sarmoyasi kirishini ta’minlamoqchi. “Mahalliy mahsulot mo’lroq qilib chetga sotilsin, barcha kompaniyalar teng raqobat qila olsin”, deydi u, Qo’shma Shtatlar Davlat departamenti buning uchun bor irodasini qo’llaydi”.

AQSh ayniqsa korrupsiya, intellektual mulkni o’g’irlash va biror kompaniyani ustun qo’yishdek holatlarga qarshi kurashib keladi. Global iqtisodiy tizim shaffof va xolis bo’lishi lozim, deydi Xillari Klinton.

Ishi baroridan kelayotgan AQSh kompaniyalaridan biri FEDEX transportirovka-tashish xizmati
Ishi baroridan kelayotgan AQSh kompaniyalaridan biri FEDEX transportirovka-tashish xizmati
Raqiblar qoidani buzsa, qo’l qovushtirib qarab o’tirmaymiz, deydi u Xitoyni tilga olib. “Agar savdo tamoyillariga zid holda Xitoy yoki boshqa mamlakat o’z firmalariga imtiyoz berib, boshqa davlat kompaniyalarini kamsitsa, AQSh ham ayni javob qaytaradi”.

Klinton qaysi davlatga safar qilmasin, biznes doiralar bilan uchrashishga va’da berdi. Amerikada ishsizlik darajasi sal pastlab, hozir 8,3 foizni tashkil etmoqda. Oxirgi to’rt yilda ilk bor ishsizlik uchun moliyaviy yordam so’ragan fuqarolar soni kamaygan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG