Breaking News

Qirg’iziston janubida yangi axborot vositalari


Qirg’iziston hukumati va AQShda asoslangan Internews Network hamkorligida, Osh viloyatida “Intimoq” deb nomlangan yangi teleradio kompanya ochildi. O’zbek tilida ham dasturlar beriladi.

Yana bir tashabbus bu kichik radiostansiyalar tarmog’i bo'lib, Janubiy Qirg’izistonning besh shahri va tuman markazlarida ish boshlaydi. AQShning Qirg’izistondagi elchixonasi ko’magida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha olis joylarda aholining axborotga bo'lgan talabini qondirishni ko’zda tutadi.

Bishkekdagi “Internet siyosat borasida fuqaroviy tashabbus” deb nomlangan jamoatchilik jamg’armasi xodimasi Nazgul Qurmanaliyevaning aytishicha, hozirda tayyorgarlik ishlari ketmoqda.

“Biz litsenziya va radioto’lqinlar oldik. Jihozlar sotib olmoqdamiz. Hamkorlar bilan aloqalarni o’rnatayapmiz. Dastlab eshittirishlar bir soatni tashkil qiladi va asta-asta efir vaqti ko’payib boradi”, - deydi Nazgul Qurmanaliyeva.

Mikroradiostansiyalar Janubiy Qirg’izistonning Qorako’l, Moyli-Suv, Toqtogul, Isfana shaharlarida hamda Gulcha qishlog’ida joylashgan bo'lib, ushbu axborot vositalariga mahalliy yoshlar jalb qilinadi.

Loyiha tashkilotchilariga ko’ra, eshittirishlar asosan qirg’iz tilida tayyorlanib, keyinchalik boshqa tillarda ham olib borilishi mumkin.

“Bizning mikroradiolar mahalliy aholini respublikada bo’layotgan xabar va voqealardan voqif etadi. Ayni paytda mahalliy yangiliklarni umumo’lka axborot oqimiga qo’shadi”, - deydi Nazgul Qurmanaliyeva.

Barpo etilayotgan mahalliy mikroradiostansiyalarda ta’lim, iqtisodiy, ijtimoiy dasturlar hamda turli xalqlar tarixi va madaniyatiga bag’ishlangan eshittirishlar o’rin olishi rejalangan.

Qirg’izistonning olis hududlarida axborot taqchilligi masalasi keyingi yillarda tez-tez ko’tarilib kelinmoqda. 2010-yilgi iyun voqealaridan so’ng muammo yanada chuqurlashgan. Masalan, aksar o’zbekzabon ommaviy axborot vositalari yopilgan.

Keyingi paytlarda hukumat qator mahalliy va xalqaro tashkilotlar yordamida axborot maydonini kengaytirish tadbirlarini ko’rmoqda.

Aytish joizki, Qirg’iziston mustaqilligining ilk yillari aynan xalqaro tashkilotlar ko’magida bir necha mahalliy teleradiokompaniyalar tuzilib, keyinchalik ular yirik xususiy vositalarga aylangan. Kuzatuvchilar nazarida, o’sha amaliyot yana qaytalanayotganday.

XS
SM
MD
LG