Breaking News

O'zbekiston Islomiy Harakatiga a'zo deb ko'rilgan shaxs o'ldirilgan


2 sentyabr kuni tunda Qirg’iziston maxsus xizmatlari O’sh shahrida aksilterror amaliyoti o’tkazganlar. Amaliyot paytida O’zbekiston Islomiy Harakati (O'IH) a’zosi deb gumon qilingan 38 yoshli namanganlik Rasul Oxunov otib o’ldirilgan.

Rasul Oxunov shu yil 12 may kuni Tojikiston va Qirg’iziston chegarachilariga hujum qilganlikda va iyun oyida Jalolobodda militsiya xodimlarini o’ldirganlikda ayblangan. U 6 avgust kuni O’shda Qirg’iziston va O’zbekiston maxsus xizmatlari hamkorligida o’tkazilgan amaliyot chog’ida qochishga muvaffaq bo’lgan.

6 avgust kuni O’IH a’zosi ekani aytilgan Ayubxo’ja Shahobiddinov, Fatxullo Rahimov va Qorasuvdagi jome’ masjid imomi Muhammad Rafiq Kamolov otib o’ldirilgan edi.

Qirg’iziston Ichki Ishlar vazirligining diniy ekstremizm va noqonuniy muhojirotga qarshi kurashish bosh boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari Azamat Kutmanaliyevga ko’ra, mamlakat janubida aksilterror amaliyotlari muddatsiz va "xalq tinch uxlashiga amin bo’lmagunimizcha" davom etadi.

O’shdagi mahallalardan birida o’tgan aksilterror amaliyotiga Milliy Xavfsizlik Xizmati maxsus bo’linmasi, Ichki Ishlar xodimlari va Mudofaa vazirligiga qarashli bronetransportyor jalb qilingan. Ma’lumotlarga ko’ra, o’ldirilgan Rasul Oxunov ikki soat mobaynida qattiq qarshilik ko’rsatgan.

XS
SM
MD
LG