Bugun AQShning Meksika bilan chegaradosh Arizona shtatida yangi immigratsion qonun kuchga kirdi.
Biroq federal sud uning eng munozarali bandlariga vaqtincha taqiq qo’ygan.
Prezident Barak Obamaning aytishicha, shtatlar immigratsiya bobida o’zboshimcha siyosat yuritishga haqli emas va qonun butunlay bekor qilinishi kerak.
Hisoblarga ko’ra Arizonada 460 ming hujjatsiz muhojir yashasa, yangi qonun kuchga kirishi oldidan ulardan minglab nafari shtatni tark etgan.
Hujjatning shov-shuvga sabab bo’layotgani ayrim bandlari quyidagilar:
- Huquq-tartibot idoralari istagan odamni ushlab, immigratsion statusini tekshirishi mumkin
- Muhojirlardan o’zi bilan doimo hujjat olib yurish talab qilinadi
- Arizonada noqonuniy yashayotgan shaxslar mardikorlikka chiqishi mumkin emas.
Bular federal sud qarori bilan hozircha kuchga kirmaydi.
Arizona gubernatori Jan Bruer “qonunni albatta to’laligacha joriy etamiz, buning uchun kerak bo’lsa Oliy Sudga murojaat qilishga ham tayyormiz”, deydi.
Arizona, Meksika bilan chegaradosh shtat, har yili Amerikaga kirib kelayotgan noqonuy muhojirlar uchun o’ziga xos darvoza sanaladi. Qoradori va inson savdosi kabi jinoyatlar bu yerda serob. Qamoqxonalar gavjum.
Noqonuniy immigrantlarni ushlab jazolash Arizonaga qimmatga tushmoqda, deydi hokim.
Uning aytishicha, federal hukumat biror chora ko’rmagandan keyin shtat tashabbusni o’z qo’liga olishga majbur bo’lgan.
Muhojirlar va ular huquqini himoya qiluvchi tashkilotlar nazarida qonun kuchga kirishi bilan iqrchilik va diskriminatsiya avj oladi. Amerikada qonuniy yashab yurganlar ham bundan jabr ko’rishi aniq, deydi ular.
Amerikada bugun taxminan 11-12 million hujjatsiz muhojir yashaydi.
Prezident Obama fikricha immigratsiya tizimi islohotga muhtoj ekanini aytib, masalani shtatma-shtat emas, mamlakat miqyosida hal qilish kerak.