AQSh Aholini ro’yxatga olish byurosi so’nggi hisob-kitoblarni yakunlab, o’z xulosalarini e’lon qildi. Unga ko’ra, arzon va ish joylari bor shtatlarga ko’chayotganlar ko’pchilikni tashkil qiladi.
Bunday joylar, tabiiyki, muhojirlarni ham o’ziga jalb etadi. So’rovnoma natijalari Amerika siyosatida ham o’zgarish yasaydi.
Qonunga binoan, AQSh aholisi har 10 yilda bir marta sanaladi. Aholi soni hozir 308 millionga teng. Ko’payish sur’ati taxminan 10 foiz atrofida - 1930-yillardan buyon eng past ko’rsatkich.
Lekin G’arb dunyosining boshqa davlatlari bilan qiyoslaganda, Amerika bu borada oldinda. Yaponiya va Germaniyada, masalan, aholi o’sishi to’xtagan va hatto kamayib bormoqda.
So’rovga Robert Grovz boshchilik qilgan. Uning qayd etishicha, Amerikada aholi ko’payishining 40 foizi immigratsiya hissasiga to’g’ri keladi.
“So’nggi 10 yilda aholi 300 millionli dovondan o’tdi. Lekin o’sish sur’ati yuqori emas”, - deydi Grovz.
Odamlar arzonroq shtatlarga ko’chmoqda. Buning natijasida har bir shtatdan Vakillar Palatasiga saylanuvchi qonunchilar soni o’zgaradi. Tahlillarga ko’ra, Respublikachilar partiyasi uchun xushxabar bu.
AQSh konstitutsiyasiga binoan, har bir shtat Kongressga ikki senator yo’llaydi – jami 100 nafar. 435 a’zoli Vakillar Palatasidagi o’rinlar esa aholi soniga qarab proportsional taqsimlangan. Deylik, Kaliforniya Palatada 53 o’ringa, Vayoming esa atigi bir vakilga ega.
So’nggi 10 yilda aholisi o’sgan shtatlarga Vakillar Palatasida ko’proq o’rin beriladi. Bular Texas, Florida, Arizona, Jorjiya, Nevada, Janubiy Karolina va Yuta, asosan respublikachilarga ovoz beruvchi shtatlar.
Lekin, deydi olimlar, ular endi doimo muxolifatga ergashadi, degani emas.
“So’rovda aniqlangan o’zgarishlar tufayli respublikachilar bo’lg’usi saylovlarda g’alaba qiladi, deb o’ylash xato. Chunki lotin amerikaliklar orasida Demokratik partiyaning tarafdorlari ko’p. Ular Amerikada eng tez o’sayotgan qatlam. Shuni unutmaslik kerak”, - deydi demograf Odri Singer.
So’rovnomadagi raqamlarga qarab, kelasi ikki yilda mamlakat siyosiy xaritasi tuziladi. Biroq, deydi olima, buning natijasida oxir-oqibat qaysi partiya ustunlikni qo’lga olishini hozirdan aytish qiyin.