Breaking News

Amerika hujjatsiz muhojirlarni haydab yubormaydi, biroq kechirmaydi ham


Amerikaliklar hukumatdan noqonuniy immigrantlar oqimini to’xtatishni talab qilmoqda. Mamlakatda 11-12 million hujjatsiz muhojir yashaydi.

Ko’pchilik fuqarolar nazarida ularni AQShdan badarg’a qilib, chegara nazoratini kuchaytirish kerak. Amerikada saylovlar yaqinlashishi bilan ushbu mavzuga e’tibor kuchaygan.

Prezident Barak Obama Amerikaning amaldagi immigratsion tizimini samarasiz va xavfli deya ta’riflaydi.

“Sistema buzilgan. Bu hammaga ma’lum. Chegarada qo’shimcha devorlar qurish bilan muammo yechilmaydi”, - deydi u.

Immigratsiya atrofidagi bahslar yangilik emas. Amerika o’zini muhojirlar mamlakati deb ataydi. Kim bu yerda yashashga va qolishga haqli - bu doimiy munozara ostida.

Prezident mavzuni ko’tarib chiqishiga bir necha sabablar bor. Masalan, yaqinda Arizona shtati yangi qonun qabul qildi. Unga ko’ra shtatda hujjatsiz yashash jinoyat hisoblanadi. AQSh Adliya vazirligi bu qonunni bekor qilish uchun sudga ariza bergan.

“Arizona kabi shtatlar Vashingtonga qarab o’tirmasdan tashabbusni o’z qo’liga olmoqda. Odamlar g’azabda, buni tushunaman. Lekin bunday adolatsiz qonunga o’rin yo’q”, - deydi Barak Obama.

Arizona qonuni mamlakat bo’ylab muhojir jamoalarni oyoqqa turg’azdi. Aksar amerikaliklar ana shunday qattiq choralar kerak deydi.

AQSh rahbari masalani shtatma-shtat emas, federal miqyosda, umumiy qoidalar qabul qilib hal qilishga undamoqda. Qo’shma Shtatlarda hujjatsiz yashab yurganlar millionlarni tashkil etadi. Ularga qonuniy status berish taklifiga qarshilik juda kuchli.

“11 million muhojir halol mehnat qilib yurgan durust odamlardir balki. Lekin qonun barcha uchun bir. Ular ham javob beradi”, - deydi prezident.

Obama immigrantlar huquqi uchun kurashayotgan guruhlarni ham tinchlantirishga urinmoqda. Hech kim ularni haydab yubormaydi, deya va’da bergan.

“11 million odamni ushlab deportatsiya qilishning iloji yo’q va qimmat. Ular bu jamiyatning ajralmas qismiga aylanib bo’lgan”, - deydi u.

Lotin amerikaliklar, qisqacha latinolar, Amerikada eng tez o’sayotgan guruh. Siyosatchilar ularning ovozi saylovda muhim ekanini tushunadi.

Saylovga esa oz qoldi - noyabrda xalq qonunchilarga ovoz beradi. Tahlilchilar fikricha bunday nozik siyosiy pallada Kongress masalani yana orqaga surishi turgan gap.

XS
SM
MD
LG