Amerikada 11 million atrofida noqonuniy muhojir bor. Ularning taqdiri prezident va qonunchilar qo'lida. Barak Obama Kongressdan muhojirlar masalasiga doir islohotlarni tezlashtirishni so'ramoqda.
Yaqinda Meksikaga chegaradosh Arizona shtatida yangi qonun kuchga kirdi. Unga ko'ra, politsiya noqonuniy immigrant deb gumon qilsa, istalgan odamni so'roqqa tutishi mumkin. Oq uy hujjatni tanqid qilmoqda.
Prezident Obamaning aytishicha, bu ishga federal miqyosda mas'uliyat bilan yondashilmasa boshqalarning mas'uliyatsizligiga keng yo'l ochiladi.
"Bunga Arizonada kuchga kirgan qonun misol. U yerda adolat poydevori darz ketishi, xavfsizlik uchun o'ta muhim bo'lgan politsiya va jamoalar o'rtasidagi ishonch yo'qolishi mumkin", - deydi prezident.
Shtat gubernatori Jen Bryuerning aytishicha, endilikda politsiya shtat doirasida noqonuniy immigrant deb gumon qilingan har bir odamni so'roqqa tutishi mumkin.
Shtat qonunchisi Rassel Pirs olg'a surgan bu qonunga ko'ra, muhojirlar o'zi bilan hamisha hujjat olib yurishi zarur. Uning aytishicha, bu mamlakat bo'ylab immigratsiya bobidagi eng qattiq qonun.
"Endilikda noqonuniy muhojirlarni ushlab, qo'yib yuborish amaliyotiga chek qo'yiladi", - deydi u.
Qonun tanqidchilari nazarida hujjat odamlarni irqiga qarab ajratishga olib keladi. Alfredo Guterresning aytishicha, bu noqonuniy muhojirlar emas, aynan lotin amerikaliklar, meksikaliklarga qarshi qaratilgan harakatdir. Biroq Arizona gubernatori politsiya xolisona ishlaydi, deya ishontirishga urinmoqda.
"Politsiyachilar ishini puxta biladi. Qasamyod keltirgan. Irqqa qarab odam ajratish qonunga zidligini yaxshi bilishadi", - deydi Bryuer.
Immigratsion islohotlar tarafdorlari Arizona qonuni ustidan sudga arz qilishlarini aytmoqda. Prezident Obama esa ushbu qonun inson huquqlariga zid yoki zid emasligini o'rganishga ko'rsatma bergan.
Munozaralar davom etar ekan, Arizonada noqonuniy immigrantlarni Meksikadan AQShga o'tkazish bilan shug'ullangan jinoiy tarmoqqa aloqadorlik gumoni bilan 47 kishi hibsga olingan.