Breaking News

Amerika hali ham imkoniyatlar diyori, deydi tadbirkor muhojir


Siddiq Shayx Amerikaga kelganida hech narsasi yo'q edi. Bugun katta biznes egasi.
Siddiq Shayx Amerikaga kelganida hech narsasi yo'q edi. Bugun katta biznes egasi.

Qo’shma Shtatlarni “imkoniyatlar diyori” deyishadi. Harakatda barakat, inson mehnatdan qochmasa, bu mamlakatda albatta yo’lini topib ketadi.

Amerikada muvaffaqiyat qozongan muhojirlardan biri pokistonlik Siddiq Shayx bo'lib, u 30 yil oldin o'z biznesiga asos solgan edi. Bugun o’nlab yonilg’i quyish shoxobchalari va avtomobil tuzatish ustaxonalari egasi.

Tadbirkor Amerikada ildiz otgan bo’lsa-da, vatanidan boxabar. Qo’lida ishlaydigan xizmatchilari bilan muntazam aloqada. Mijozlarini ham taniydi.

AQShdagi ko’plab immigrantlar singari, Siddiq Shayx bu mamlakat zaminiga qadam qo’yganida orzulari bir dunyo edi.

Pokistonni tark etar ekan, otasi uni 10 dollar bilan yo’lga kuzatadi. Yigitcha yangi vatanda duch kelgan ishlarni bajarib, bir amallab muhandislik diplomini qo’lga kiritadi. O’z biznesiga ega bo’lish uchun mablag’ to’playdi.

“Yonilg’i quyish shoxobchasini qimmatga sotib olganman. Xarob bir joy, biznesi oqsagan edi. Uch yil ertayu-kech ishlab, oyoqqa turg’azdim. Tonggi soat beshdan ishdaman, yarim tun, bolalarim uxlab yotganida, uyga kirib kelaman”, - deydi tadbirkor.

Virjiniya shtatining Feyerfaks tumanida immigrantlar serob. Mahalliy arboblar Siddiq Shayx singari muhojirlarni yaxshi taniydi. Mehnatkash insonlar, deydi Eleyn Makkonnell.

“Amerikada orzuga erishsa bo’ladi, deb kelishadi. Ta’lim olib, qattiq mehnat qilib, aksariyati bunga erishadi ham”, - deydi rasmiy.

Harakatda barakat, deydi Siddiq Shayx. Boshida qiynalasiz, lekin maqsad ezgu bo'lsa, bor imkoniyatdan foydalanib, oldinga intilsangiz, mevasini ko'rasiz.
Harakatda barakat, deydi Siddiq Shayx. Boshida qiynalasiz, lekin maqsad ezgu bo'lsa, bor imkoniyatdan foydalanib, oldinga intilsangiz, mevasini ko'rasiz.

Siddiq Shayx daromadni qayta sarmoya qilib, tadbirkor o’nlab zapravkalar xarid qildi. O’g’li Xarunning aytishicha, otasi boshlagan birinchi loyiha alohida ahamiyatga ega.

“Muvaffaqiyat kaliti o’qish va intilishda. Mana shu oddiygina ustaxonadan boshlangan”, - deydi u.

Ishi baroridan kelgach, Siddiq Shayx boshqa sohalarda ham o’zini sinab ko’rdi. AQShdagi yurtdoshlariga yordam berish maqsadida Pokiston-Amerika biznes uyushmasiga asos soladi.

“1980-yillarda o’z kompaniyamni ochgan davrdayoq niyat qilib qo’ygan edim. Vatandoshlarga biznes sohasida yo’l ko’rsatuvchi, treyning-kurslar taklif etuvchi tashkilot juda ham kerak. Uyushmani shuning uchun tashkil etganmiz”, - deydi Siddiq Shayx.

Vatani Pokiston ham e’tibordan chetda qolmadi. Ta’lim sohasi sarmoyaga muhtoj. Shayx ikki davlat o’rtasida almashinuv dasturlarini yo’lga qo’ymoqda. Pokistonda kollejlar qurishni ham rejalagan.

“Boylik orttirish uchun qilayotganim yo’q. Inson boshqalar bilan ulashishi kerak. Fuqarolari mustaqil, tanqidiy fikrlaydigan jamiyat albatta ravnaq topadi”, - deydi tadbirkor.

Cho’ntagida 10 dollar pul bilan Amerikaga kelgan muhojir avvalo o’zim va oilam, nonim but bo’lsin deydi albatta. Siddiq Shayx tirishib-tortishib bunga ortig’i bilan erishdi. Ammo dunyoga endi boshqa ko’z bilan qaraydi.

“Bu dunyoda mehr-oqibatli bo’lish, muhtojlar bilan ulashish kerak. Insoniyatga nafim tegsa bo’lgani”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG