AQSh O’zbekiston va qo’shni davlatlar bilan aloqalarni jadallashtirib, ko’p-qirrali hamkorlikni yo’lga qo’yishga va’da berar ekan, mintaqada qanday imkoniyatlar mavjudligi, sharoit qanday ekani va qay soha yordamga muhtojligi tahlil ostida.
Vashingtonga bu borada maslahat berayotganlar ko’p, ammo amaliy qadamlar tashlashga kelganda bu ishni xususiy va notijoriy, nohukumat tashkilotlarsiz eplash qiyin.
"Aloqalarni aslida ular tebratadi",- deydi AQShning global hamkorlik bo’yicha maxsus elchisi Elizabet Begli (Ambassador Elizabeth Frawley Bagley) "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
Elizabet Begli Davlat kotibasi Xillari Klintonning yaqin maslakdoshlaridan biri. U hozirda boshqarayotgan idora ham Xillari Klintonning tashabbusi bilan ochilgan.
Elizabet Begli fikricha aloqalar mustahkam bo’lishi uchun jamiyatlar tubdan bog’lanishi kerak, ya’ni odamlar turmushini bevosita yaxshilaydigan sohalar haqida o’ylash kerak. Masalan, sog’liqni saqlash, maishiy xizmatlar, kichik bizneslar, ta’lim va mehnat.
“Bugun dunyoda muammo borki, global. Obama ma’muriyati ana shu haqiqatdan kelib chiqqan holda ish yuritishni ko’ngliga tukkan. Dinlararo totuvlikdan tortib, oziq-ovqat va suv ta’minoti, demokratiya va huquq, yuqumli kasalliklarga qarshi kurash… Bu masalalarni bir davlatning o’zi yecha olmaydi. Mening maxsus elchi sifatidagi vazifam davlatlarni Amerika bilan ana shu sohalarda ishlashga undash. Buni esa biz jamoatchilik tashkilotlari va bizneslar ko’magi bilan amalga oshirmoqchimiz”,- deydi Elizabet Begli.
AQSh hukumati, masalan, O’zbekistondagi qiziqqan tashkilotlar va bizneslarni bu davlatdagi muassasa va kompaniyalar bilan yaqinlashtirish, ular orasida vositachilik qilish istagida. Asosiy maqsad hamkorlar topib berish, tashabbuslarni quvvatlash, deydi elchi.
Demak, deya so’raymiz Elizabet Beglidan, O’zbekistonda ko’makka muhtoj yoki AQShdan sherik qidirgan tashkilot yoki biznes sizning idorangizga murojaat qilib, yordam olishi mumkin?
“Elchixonalarimiz bizning ko’z va quloqlarimiz. Elchilarimiz bilan yaqin aloqadamiz, ularga tayanamiz. Idoramiz moliya ajratmaydi, ammo zarur xarajatlar uchun mablag’ yetarli”, - deya javob beradi diplomat.
Global hamkorlik idorasi Markaziy Osiyoda hali biror loyihaga qo’l urmagan. Ammo, deya eslatadi Elizabet Begli, Amerikaning boshqa agentliklari mintaqa bo’ylab o’nlab turli dasturlar yuritadi va insonparvarlik yordami ko’rsatib kelmoqda.
Sarmoyasiz taraqqiyotga erishish mumkin emas. O’zbekiston, boshqa rivojlanayotgan davlatlar qatori Amerikadan investitsiya so’rab keladi.
Vashington sarmoya undan emas, xususiy sektordan kelishiga ishora qilib, yirik kompaniya va firmalar uchun tanishuv tadbirlari tashkil etib turadi. Ularda quloqqa tez-tez chalinadigan, ko’p hollarda baralla o’rtaga tashlanadigan masala shuki, respublikada sharoit talabga javob bermaydi.
Qiziqish-ku katta, deydi ishbilarmonlar, lekin tizim oshkora emas, rasmiylar poraxo’r, bank sistemasi oqsoq, qog’ozbozlik odamning tinkasini quritadi.
“General Motors” singari kompaniyalar bir amallab ishlamoqda, deydi ayrim tadbirkorlar, lekin kichik bizneslar bir-biri bilan bog’lanib, hamkorlik qilmoqchi bo’lsa, juda qimmatga tushishi mumkin.
AQSh maxsus elchisi “qo’ldan kelgancha yordam beramiz”, - deydi.
“Gap bir davraga yig’ilib, yechimni birgalikda qidirishda. Xillari Klinton “biz vositachi bo’lishimiz kerak” deydi. Masalan Vashingtonda Amerikadagi muhojir jamoalar yetakchilarini yig’ib, ulardan maslahat olamiz. Ular vatanga qay sohada yordam berish mumkinligi, mablag’ qayerdan kelishi mumkinligi haqida o’z fikr-mulohazalarini bildiradi. Vatan taraqqiyotida chet elda mehnat qilayotgan fuqarolarning, immigrantlarning hissasi katta. Turli jamg’armalar tuziladi, dasturlar ochiladi. Mayda qadamlar, ammo o’zgarish aslida shunday boshlanadi”.
O’zbekistonda minglab nohukumat tashkilotlar bor, ammo ular ko’p hollarda hukumat iznidagi muassasalar. Mustaqil holda, haqiqatda nodavlat tashkilot sifatida ishlashga, ayniqsa AQSh bilan yaqindan hamkorlik qilishga uringanlari tazyiqqa uchraydi. Ustavdan chetga chiqqanlikda, soliq to’lamaganlikda, tovlamachilikda, hukumatga nisbatan propaganda yoki odamlarni davlatga qarshi qayraganlikda ayblanib yopilib ketgan tashkilotlar juda ko’p.
“Bu hollar haqida bilamiz”,- deydi Elizabet Begli. “Hamkorlikni targ’ib qilar ekanmiz, sharoitni chuqur o’rganishga, real holatga qarab ish tutishga harakat qilamiz. Ko’mak so’ralganda, taklifni astoydil ko’rib chiqamiz”, - deydi u.
Obama ma’muriyati “o’zga mamlakatlarning ichki masalalariga aralashmoqchi emasmiz” deb keladi, lekin maxsus elchi shuni eslatadiki, AQShdan sarmoya kutayotgan hukumatlar bu davlat talablariga ham javob berishga tayyor turishi kerak.
“Bizneslar hukumatsiz, hukumatlar esa bizneslarsiz ish qila olmaydi. Bu o’zaro tobelikni rad eta olmaymiz. Shunday ekan, hamkorlikdan boshqa yo’l yo’q. O’zbekistonmi yoki boshqa mamlakatlar, ham mahalliy, ham xorijiy tashkilotlar va kompaniyalar uchun imkoniyat yaratishga majbur”, - deydi AQShning global hamkorlik bo’yicha maxsus elchisi Elizabet Begli.