Breaking News

General Petreus Qirg'izistonda xavfsizlik bobida muzokara qilgan


AQSh generali Deyvid Petreus bugun Qirg’izistonda prezident Qurmanbek Bakiyev bilan uchrashib, Afg’onistondagi vaziyat va hamkorlik istiqbolini muhokama qilgan.

Qirg’iziston rasmiy matbuoti xabariga ko’ra, general Afg’onistondagi amaliyotlar, harbiylar va yuk qatnovi bobida Qirg’iziston ko’rsatayotgan yordam uchun minnatdorchilik bildirgan.

Petreusning aytishicha, Afg’onistondagi jangarilar - mintaqa xavfsizligiga tahdid soluvchi asosiy omil.

Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev “qo’shni Afg’onistonda tinchlik qaror topishidan manfaatdormiz va xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda afg’on yurtiga yordam berishda davom etamiz”,- deydi.

Hafta boshida Qo’shma Shtatlar Qirg’iziston armiyasi malakasini oshirish maqsadida janubda terrorga qarshi kurash markazi ochish rejasini e’lon qilgan. Markaz Botkent viloyatida qad ko’tarishi kutilmoqda va buning uchun 5,5 million dollar ajratiladi. Tahlilchilar fikricha, mablag' ko'lamiga qarab, baza u qadar yirik bo'lmasligini aytish mumkin.

Rasmiylarning aytishicha, majmua Qirg’iziston mulki bo’ladi.

Bu qaror Rossiya noroziligiga sabab bo’lishi aniq, chunki Kreml ham O'sh atrofida harbiy baza ochishni ko’zlab keladi.

Baza Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti shafeligida bunyod etilishi va tezkor qo'shin uchun mashq markazi bo'lib xizmat qilishi mumkin.

Qirg'iziston hukumati esa bu obyekt O'zbekiston bilan chegara yaqinida, ya'ni Botkentda qurilishini istaydi. Bitim hamon muhokamada, deydi rasmiylar, tugal qaror qabul qilinmagan.

XS
SM
MD
LG