Breaking News

General Petreus Toshkentda Karimov bilan uchrashdi


Toshkentda prezident Islom Karimov AQSh markaziy qo`mondonligi rahbari Deyvid Petreusni qabul qilgan.

Karimov nazarida O`zbekiston va AQSh aloqalarining iliqlashishi har ikki tomon uchun katta imkoniyatlar ochmoqda.

Uchrashuvda Afg’onistondagi vaziyat va xavfsizlik bobida hamkorlikni kuchaytirish haqida so’z ketgan.

O`zbekiston AQSh bilan hamkorlikka tayyorligini bildirmoqda. Karimovning aytishicha, aloqalarni yaxshilash uchun jiddiy qadamlar tashlanmoqda. Munosabatlar iliqlashib, ochilayotgan imkoniyatlardan ikki tomonnin umidi katta.

General Petreus O’zbekistonga shu yil ikkinchi bor kelishi. Fevral oyidagi tashrif davomida Afg’onistonga noharbiy yuklar yetkazish bo`yicha AQSh-O’zbekiston shartnomasi muhokama qilingan edi.

Bu safar ham asosan Afg`onsitondagi vaziyat, xavfsizlik masalalari muhokama qilingan. Afg`oniston bo`yicha tomonlar hamkorligi yuqori baholangan.

Rossiya harbiylari Qirg’iziston-O`zbekiston chegarasi yonida joylashishi aniq bo’lgan, rasmiy Toshkent bundan norozi bo’lgan bir paytda general O’zbekistonga kelgani e’tiborga loyiq, deydi tahlilchilar. Kreml bilan aloqalar sovuqlashayotgan paytda Toshkent uchun Vashingtonga yaqinlashish g`oyat muhim. Mulohazlarga ko`ra, “Xonobod” aerodromini yana AQSh harbiylariga ijaraga berish haqida muzokaralar borayotgani ehtimoldan xoli emas.

Siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipovning aytishicha, AQSh rasmiylari tez-tez keladigan bo’lib qolgani yaqin kelajakda samara berishi mumkin.

“Xolis baholaydigan bo`lsak, AQSh bilan hamkorlik O`zbekiston manfaatlariga javob beradi, shuning uchun ertami-kechmi bu munosabatlar tiklanishi kerak edi. Hozirgi tashriflar shubhasiz ijobiy hodisa. Ajabmas, yaqin keljakda yirik bir natijaga guvoh bo`lsak”, - deydi sharhlovchi.

Huquq himoyachilari esa huquqiy vaziyatdan tashvish bildirib keladi.

“3-4 nafar faollarni ozodlikka chiqarish bilan siyosiy o`yinlar davom etmoqda. O`zbekiston repressiyalarni to`xtatishi, matbuotga ozodlik berishi, so`z erkinligini ta`minlashi kerak. Hukumat ko`p ishlar qilishi kerak, lekin bu masalada qandaydir o`yinlar ketayotganga o`xshaydi”, - deydi huquq himoyachisi Surat Ikromov.

Iyul oyida Toshkentga AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar bo`yicha o`rinbosari Vilyam Berns kelgan edi. Jurnalistlar bilan uchrashgan Berns AQSh O`zbekiston bilan aloqani yaxshilashga tayyor, degan. Inson huquqlari masalasiga to`xtalgan rasmiy AQSh uchun huquqiy masala birlamchi o`rinda qolishini ta`kidlagan.

Amerika qo`mondoni Deyvid Petreus tashrifi davomida mudofaa, tashqi ishlar, tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida ham uchrashuvlar o`tkazgan. Generalning safari poytaxtdagi “Motamsaro ona” yodgorligi poyiga gulchambar qo`yish bilan yakunlagan.

XS
SM
MD
LG