Breaking News

AQSh-O'zbekiston aloqalari jonlanar ekan, asosiy e'tibor xavfsizlikda


AQSh-O’zbekiston munosabatlarida biroz siljish ko’zga tashlanmoqda. Bu esa 2002 yilda imzolangan strategik hamkorlik shatnomasi ijrosi uchun qulay imkoniyat.

Ziyolilar fikricha, asosiy urg’u xavfsizlik va geosiyosiy manfaatlarga berilmoqda, huquqiy va demokratik muammolar esa orqa planda.

AQShda asoslangan “Freedom House”, “Ozodlik uyi” tashkiloti chiqargan yangi hisobotda O’zbekistonda inson huquqlari va demokratik qadriyatlar bilan bog`liq ahvol o’ta ayanchli deb baholanadi.

29 iyun kuni AQSh kongressmeni Eni Faleomavaega Toshkentda rasmiylar bilan uchrashdi.

AQSh elchixonasi ma’lumotiga ko’ra, qonunchi O’zbekiston bosh vaziri o`rinbosari, tashqi ishlar vaziri bilan muzokara o`tkazgan.

“O'zbekiston prezidenti AQSh elchisini qabul qilganida mintaqaviy xavfsizlik masalasini muhokama qildi. O’ylashimcha, bu uchrashuvda jiddiy mavzular ko’rilgan. Biroz o`tib mana AQSh kongressmeni tashrif bilan keldi. Bu tashrif albatta elchi bilan muhokama qilingan. Hammasi munosabatlar ijobiy tomonga rivojlanayotganidan darak beradi”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov.

Mahalliy matbuotda AQSh kongressmeni kelgani haqida hech narsa deyilmaydi.

“Ozodlik uyi” hisobotida ta’kidlanishicha, G’arb davlatlarida O’zbekiston bilan strategik sheriklikka ehtiyoj borligi inson huquqlari, demokratik islohotlar bilan bog`liq talablarni ortga surgan. G’arb bu boradagi tanqidlarini ichga yutishga majbur.

Sharhlovchilar nazarida AQSh va O’zbekiston o’rtasida tiklanayotgan aloqalarda Rossiya faktorini ham nazardan qochirmaslik kerak.

“AQSh O`zbekiston hukumatiga ta`sir o`tkazib bo`lmasligini anglab yetdi. Bunday holat Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi munosbatlarda ham kuzatilgan. O`zbekistonda inson huquqlari toptalishiga qaramasdan biror munosabat bildirmagan. Boshqa tomondan geosiyosiy manfaatlar bor. AQSh O’zbekistonning Rossiya ta’sir doirasiga kirib borishini xotirjam kuzatib tura olmaydi”, - deydi siyosatshunos Kozim Alimov.

AQSh va O’zbekiston aloqalari xavfsizlik, Afg’oniston masalasida, shuningdek, iqtisodiy hamkorlikda ham yangi bitimlar bilan boyimoqda.

O’zbekiston Afg’onistonga tranzit yo’lagini ochib berdi, NATO yuklarini yetkazishda Navoiy aeroportidan foydalanishga ruxsat berdi va AQSh bilan avtomobil sanoati bo`yicha hamkorlik qilmoqda.

Faollarning aytishicha, ikki o`rtadagi munosabatlarda demokratik islohotlar muhokamadan tushib qolmoqda.

“Demokratiya masalasi bosh maqsad sifatida ko`tarilayotgani yo`q. Yana avvalgidek obro’sizlanish davom etadi, lekin Amerika manfaatlari nuqtai-nazaridan hamkorlik davom etaveradi”, - deydi muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.

Farxod Tolipovning aytishicha, munosabatlar keskinlikdan tiklanish tomon bormoqda, o’zaro imzolangan hamkorlik shartlarini bajarish fursati yaqinlashmoqda.

“Amerika xalqaro miqyosda demokratiya va inson huquqlari himoyachisi bo`lib kelgan, bu maqomdan voz kechmaydi. AQSh-O`zbekiston aloqalari sovuqlashgan bo`lsa-da, strategik sheriklik deklaratsiyasi bekor qilinmagan. Hozir munosabatlar tiklanib, yaxshi darajaga ko`tarilayotgan ekan, to`la hamkorlik qilish fursati kelmoqda”, - deydi Tolipov.



Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG