AQSh matbuoti tahlilicha, Afg’onistondagi o’zbeklar sardori, “Junbushi Milliy Islomiy Afg’oniston” partiyasi rahbari general Abdul Rashid Do’stum vataniga qaytib, tarafdorlarini prezident Hamid Karzayga ovoz berishga undashi, ular o’rtasida kelishuv borligidan dalolat beradi.
Lekin saylov birinchi bosqichdayoq hal
bo’lmasligi ham mumkin.
AQSh hukumati qator harbiy
jinoyatlarga aloqadorlikda ayblanayotgan general Do’stumning saylov
jarayonida qatnashishidan va u singari boshqa qo'mondonlarga maqom
berilishidan xavotirda.
“The Washington Post” gazetasida
yozilishicha, prezident Hamid Karzay o’tgan saylovlarda jami 10 foiz
to’plagan general Do’stum nufuzidan foydalanib Afg’oniston shimolidagi
o’zbeklar ovozini olishga urinmoqda. Ba’zi xabarlarga ko’ra,
general Do’stum buning evaziga Karzayning saylovlardagi asosiy raqibi –
doktor Abdulla Abdulla nomzodini qo’llab-quvvatlayotgan Balx viloyati
hokimining o’rniga o’tirishi mumkin.
Asadulla domla Volvolijiy ismli ziyoli nazarida Karzay Do’stumning
saylovdan oldin mamlakatga qaytishidan manfaatdor.
Shunga
qaramay Afg’oniston shimolidagi mahalliy o’zbeklarning bir qismi
Karzayni qo’llab-quvvatlasa, boshqalar federal davlat g’oyasini olg’a
surayotgan doktor Abdulla Abdullaga ovoz berishi mumkin.
Asadulla Volvolijiyning aytishicha, asosiy kurash mana shu ikki nomzod o’rtasida kechmoqda.
Uning fikricha o’tgan saylovlarda janubiy viloyatlarda ko’p ovoz olgan va jami
55 foiz ovoz to’plagan Karzayning pushtu elatdoshlari o’rtasida ham
bo’linishlar bor.
"Karzay mamlakatda milliy birlikni
ta’minlash uchun hatto qurolini tashlagan toliblar bilan ham murosa
qilishga urinmoqda, ammo bu tashqi kuchlar roziligisiz mumkin emas",-
deydi Asadulla Volvolijiy.
Amerika bu borada betaraf ekanini qayd etmoqda, lekin afg’on hukumatida korrupsiya va yulg’ichlik chuqur ildiz otganini tan oladi. Shu bilan birga Karzay hukumati bilan
orani buzmoqchi ham emas.