Qo'shma Shtatlar o'zbeklar yetakchisi sifatida tanilgan general Abdul Rashid Do’stumning Afg’onistonga qaytganidan norozi.
“Biz afg’on hukumatiga Do’stumning hozirgi Afg’oniston, ayniqsa bu tarixiy saylovlardagi roli yuzasidan o’z xavotirimizni bildirdik",- deyiladi AQShning Kobuldagi elchixonasi bergan bayonotda.
Abdul Rashid Do’stum inson huquqlarini ommaviy ravishda buzganlikda ayblanar ekan, Vashington nazarida, general hozirgi demokratik jarayonga soya solishi mumkin.
Do'stum ikki mingga yaqin tolib mahbusning o’limida ayblanadi. Huquq himoyachilariga ko'ra, AQSh bilan hamkorlikda Tolibonga qarshi jang qilayotgan qo'shinlar 2001 yilda Do'stum buyrug'i bilan urush asirlarini o'ldirgan. General bu ayblarni rad etib keladi.
Do'stum anchadan beri Turkiyada edi. Ayrimlar safarni surgun deb atasa, boshqalar oddiy ta’til deya izoh bergan.
Do’stum fikricha Hamid Karzay prezidentlikda qolishi kerak. Do’stum 2005 yilda harbiy kuchlar shtabi raisi etib tayinlangan edi.
O’zbeklar orasida chiqqan janjalda ayblanib, Do’stum o’tgan yili ishdan olingan, uy qamog’ida saqlangan va sal o'tib Turkiyada yo’l olgan edi.
Ma’lumotlarga ko’ra, Do'stum yaqinda shtab raisi lavozimiga tiklangan. Karzay qayta saylansa, uning yangi hukumatda qanday rol o’ynashi ma’lum emas, ammo Qo’shma Shtatlarning pozitsiyasi shuki, Do'stum hozirgi jarayonlardan chetda turishi kerak.