Breaking News

Afg'onistonda saylov kampaniyasi nihoyasiga yetdi


Reytinglarda amaldagi prezident Hamid Karzay oldinda, biroq uning raqiblari - sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla va sobiq moliya vaziri Ashraf G’ani ham kuchli dastur bilan chiqmoqda. Nomzodlar o’rtasida qayta bellashuv ehtimoldan xoli emas.

Ikki raqibi - Ashraf G’ani va Ramazon Bashardo’st bilan ilk bor debat-munozara qilgan Hamid Karzay so’nggi 7 yil ichidagi ishlarini ko’z-ko’z qildi.

“Men idora etgan davrda Afg’oniston iqtisodiyoti yaxshilandi, ish o’rinlari yaratildi va muhimi, ayollar uchun ta’lim olish imkoniyatlari kengaydi”, - deydi prezident.

O’zini tajribali, sabr-qanoatli, uzoqni ko’ra oladigan rahbar deb tanishtirayotgan Hamid Karzay Afg’oniston uchun xavfsizlik va iqtisodiy nochorlik eng og’riqli masalalar ekanini tan oladi.

Karzay armiya va politsiyani mustahkamlab, mamlakat xavfsizligini ta’minlayotgan 100 ming sonli xorijiy qo’shinni kamaytirishga so’z bermoqda. Uning aytichicha, “kelasi 5-10 yil ichida, hozir AQSh va NATO yuritayotgan operatsiyalarga mahalliy qo’mondonlar bosh-qosh bo’ladi. Ammo ayrim xavfli hududlar koalitsiya nazorati ostida qolgani ma’qul”.

Reytingda uchinchi o’rinda ketayotgan sobiq Davlat Rejalashtirish vaziri Ramazon Bashardo’st Fransiyada tahsil olgan. O’zini haqiqiy xalq nomzodi, hukumatga qarshi kurashayotgan guruhlar bilan gaplasha oladigan siyosatchi deb tanishtirmoqda.

Uning ta’kidlashicha, prezidentlikka da’vogarlarning barchasi Tolibon bilan gaplashamiz deydi-yu, lekin Tolibon bunga ko’narmikin degan savolga javob yo’q.

Ashraf G’ani Karzay ma’muriyatini butun hokimiyatni qo’mondonlarga berib qo’yganlikda ayblaydi. Uzoq yillar Jahon Bankida ishlagan, sobiq moliya vaziri huquq-tartibotga e’tiborni kuchaytirib, qonun ustuvorligini ta’minlaymiz deydi.

20 avgust, payshanba kuni o’tadigan saylov so’nggi besh yilda birinchisi. 30 dan ortiq nomzod ishtirok etmoqda. Hech biri 50 foiz ovoz to’play olmasa, oktyabrda qayta bellashuv o’tkaziladi.

XS
SM
MD
LG