Breaking News

Kobulda NATO qarorgohi oldida portlash ro'y bergan


Bugun Kobulning istehkomli, xavfsiz sanalmish qismida mashina portlab, kamida yetti odam o’lgan. 90 kishi jarohat olgan, jumladan, bolalar. Xuruj prezident saylovlariga bir hafta qolganida ro’y berdi.

Afg’on rasmiylarining aytishicha, mashina NATO qarorgohi oldida, AQSh elchixonasi va prezident idorasi yaqinida portlagan.

Yaradorlar orasida NATO zobitlari ham bor. Biroq hujumda asosan oddiy xalq, bolalar ziyon ko’rgan. Odatda gavjum bu hududda yosh-yalang shirinlik sotib, kun ko’radi, deydi rasmiylar.

Tez yordam haydovchisi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda qurbonlar ko’p, aksariyati oddiy fuqarolar edi, deydi.

Hujum ro’y bergan tumanda derazasi but bino, do’konning o’zi qolmagan. Oxirgi yarim yilda Kobul bunaqa portlashga guvoh bo’lmagan edi. Tolibon poytaxtga bir necha bor rakera otgan, ammo ta’siri deyarli sezilmagan edi, deydi rasmiylar.

Kobul politsiya mahkamasi rahbari general Said Abdul G’affor xurujni uyushtirgan shaxslar qidirilmoqda, deydi.

Tolibon da’vosicha, bu jangarilar ishi. Mashinada 500 kilogram portlovchi modda bo’lib, asosiy o’lja Amerika elchixonasi edi, deydi ular.

Qo’shma Shtatlar elchixonasi matbuot kotibi Fler Kovenning aytishicha, bino va xodimlarga shikast yetmagan.

Prezident saylovlariga sanoqli kunlar qolganida Kobul qoq markazida bunday hujum ro’y berishi tashvishli.

Rasmiylar afg’on xalqini vahimaga tushmaslikka, Tolibon tahdididan hayiqmay, saylovda qatnashishga chaqirmoqda.

XS
SM
MD
LG