Breaking News

Afg'onistondagi qo'mondonlar yana askar so'rashi mumkin


AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts fikricha Afg’onistonda xorijiy kuchlar sonini keskin oshirish mahalliy aholi orasida norozilikni kuchaytirishi mumkin.

“Biroq Afg’onistondagi qo’mondonimiz Stenli Makkristal va ittifoqchilar maslahatiga quloq tutamiz”, - deydi Geyts, bu mamlakatdagi saylovoldi vaziyatni izohlar ekan.

AQSh Mudofaa vazirligi, Pentagon, Afg’onistondagi yangi qo’mondon Makkristaldan hisobot kutmoqda. Mamlakatda ahvol tobora og’irlashib borar ekan, u rejadagi 68 mingdan ko’proq askar so’rashi kutilyapti.

Maqsad Afg’oniston yana terrorchilar makoniga aylanishini bartaraf etish ekan, mudofaa vaziri Robert Geyts bunga qanday erishish yuzasidan fikr-mulohazalarni eshitishga tayyor.

General Stenli Makkristal ishga kirishgach, birinchi navbatda oddiy afg’onlar o’limiga sabab bo’layotgan harbiy xatolarni, jumladan havo hujumlarini kamaytirishga ko’rsatma berdi. Uning nazarida mahalliy aholining ajnabiy qo’shinlarga munosabati missiya muvaffaqiyatini hamda qancha qo’shin kerakligini belgilaydi.

“Afg’onistondagi hozirgi vaziyatni bir so’z bilan ta’riflash qiyin”, - deydi vazir Robert Geyts. “Mamlakatning ayrim qismlari hamon Tolibon qo’lida. Markaziy hukumatga ishonch juda past”.

“Yangi strategiyamiz bir yil ichida samara bera boshlashi kerak. Jangari harakatlarni yengish ancha vaqt talab qiladi, Afg’onistonni barqaror jamiyatga aylantirish undanda murakkab masala”, - deydi vazir.

XS
SM
MD
LG