Breaking News

Tolibon Pokistonda yangi rahbar izlashga tushgan


Pokiston hukumatining bildirishicha Tolibonning mamlakatdagi yetakchisi Baytulloh Ma’sud halok bo’lgach harakat yangi rahbar izlashga tushgan.

Ayrim jangarilar Ma’sud o’limini inkor etsa-da, Pokiston Ichki ishlar vaziri Rahmon Malik bu xabarni tasdiqlamoqda.

AQSh ham Baytulloh Ma’sud o’ldirilgan deb e’lon qilgan. Tolibon orasida ichki kurash ketmoqda, deydi rasmiylar.

Barak Obama ma’muriyatida kamgap, asosan sahna ortidan ish qiladigan maslahatchilardan biri, general Jim Jouns, “Tolibonning Pokistondagi rahbari Baytulloh Ma’sud Qo’shma Shtatlar havo hujumi natijasida halok bo’lgan”, - deydi.

“Ma’sud begunoh insonlarning o’limga sababchi bo’lgan vahshiy odam edi”, - deydi Barak Obamaning davlat xavfsizligi bo’yicha maslahatchisi.

“Baytulloh Ma’sud darajasidagi yetakchi jangari yo’q qilingach, terrorchilar orasida tarqoqlik vujudga kelishi tabiiy. Bu biz uchun g’alaba, ular uchun mag’lubiyat degani”, - deydi general Jouns.

Qo’shma Shtatlarning Afg’onistondagi strategiyasi ish berishi uchun, deydi rasmiy, yana ozgina vaqt kerak .

“Lozim topsak ko’proq askar yuboramiz. Afg’onistonda iqtisodiy taraqqiyot uchun zamin yaratishimiz, boshqaruvini yaxshilash uchun harakat qilishimiz kerak”, - deydi general Jouns.

Respublikachi senator Lindzi Grexam ham Oq Uyni Afg’onistonda qo’shin sonini oshirishga undamoqda. Yil oxirigacha harbiy kuchlar soni bu mamlakatda 60 mingdan oshadi.

XS
SM
MD
LG