Breaking News

Qirg'izistonliklar: Afg'oniston tinch - biz tinch


Qirg’iziston jamoatchiligi nazarida Afg’onistonda prezident saylovlari mintaqa tinchligi, barqarorligi uchun o’ta muhim.

Siyosatshunos Alisher Hamidovning aytishicha, ikki davlat iqtisodiy sohada aloqa qilib keladi.

Amerika Afgonistonni qayta tiklash uchun mablag’ ajratsa, undan Qirg’iziston tashkilotlari ham foydalanishi nazarda tutiladi.

Bu rejalar amalga oshishi uchun qirg’iz rasmiylari harakat qilgan, ammo bu urinishlar kutilgan natija bermayapti.

Qirg’iziston Afg’onistonda tinchlik qaror topishi tarafdori. Afg’onistondan butun mintaqaga yoyilayotgan ko’knor savdosi, diniy ekstremizm kabi xavflar qirg’iz jamoatchiligini tashvishga solmoqda. O’sh Qirg’iz-O’zbek Universitetining xalqaro munosabatlar kafedrasi mudiri, professor Arap Anarbayev fikricha:

“Elimizda gap bor - "qo’shning tinch – o’zing tinch". Qirg’iziston hukumati Amerika harbiy bazasi qolishiga ruxsat berdi. Asosiy sabablardan biri – Afg’onistondan kelayotgan xavf Markaziy Osiyo davlatlariga o’tib ketmasligi kerak”.

O’z paytida rasmiy Bishkek Tojikistonda fuqarolar urushiga chek qo’yishga, tomonlarni yarashtirishga salmoqli hissa qo’shgan. Afg’oniston masalasida ham Qirg’iziston shunday rol o’ynashi mumkinmi degan savol tug’iladi.

Professor Arap Anarbayev nazarida qaysidir ma’noda mumkin. Siyosatshunos Alisher Hamidov ham bu fikrga qo’shiladi. Uning aytishicha, Qirg’iziston Afg’oniston-Pokiston munosabatlari hamda Afg’onistonning ichki siyosatini izga tushirishga ko’mak ko’rsatmoqchi.

Alisher Hamidov fikricha, Afg’oniston rahbari Hamid Karzayga bo’lgan munosabatni ijobiy yoki salbiy emas, balki neytral deb baholash mumkin. Siyosatshunos aytishicha, afg’on xalqi kimi tanlasa Qirg’iziston o’sha rahbarni tan oladi.

Professor Arap Anarbayev fikricha, Hamid Karzay o’zini ko’rsata olgan. Ham chegaradosh mamlakatlar, ham g’arb bilan yaxshi munosabatda. Mamlakatga keng siyosiy va iqtisodiy yordam ko’rsatilishiga erishgan.

Qayta saylanishga loyiq, deydi professor Anarbayev. Tahlilchilar Qirg’iziston Afg’onistonni tiklashda ko’mak ko’rsatishi, bu yordam Qirg’izistonga ham yirik kapital olib kelishi mumkin, deydi.

Rasmiy Bishkek Afg’oniston va Pokistonga elektr quvvati yetkazib berish rejalarini tuzmoqda. Qirg’iziston mintaqaviy siyosatda faol ishtirok etishga urinmoqda. Bu o’rinda Afg’oniston anchayin imkoniyat beradi, deydi tahlilchilar.

XS
SM
MD
LG