Breaking News

AQSh rahbari afg'onlar "jasoratini" olqishlamoqda


Prezident Barak Obama Tolibon xavfiga tik boqib, saylovda ovoz bergan Afg’oniston xalqini qutlamoqda. “Qo’shma Shtatlar biror nomzodga yon bosmagan, biroq saylov natijalari adolatli, xolis bo’lishini istaymiz”.

Obama saylovni 30 yillik urush va beqarorlikdan toliqqan afg’on xalqi hayotidagi muhim qadam deya ta’riflaydi.

“Tolibon saylovni barbod qilishga uringan, biroq buning uddasidan chiqmadi. Holbuki, Afg’oniston fuqarolari yurak yutib, ovoz berdi. Saylovni kuzatar ekanman, xalqning jasoratidan lol qoldim”, - deydi Obama.

Xalqaro kuzatuvchilar saylovlarni maqtamoqda, ammo jarayon erkin va adolatli o’tgan-o’tmagani haqida xulosa qilishga hali erta, deydi ular.

AQSh diplomati, Pokiston va Afg’oniston bo’yicha maxsus elchi Richard Xolbruk nazarida saylov natijalari yuzasidan tortishuv boshlanishi hech gapmas. Nomzod g’olib bo’lishi uchun 50 foizdan ko’p ovoz to’plashi kerak.

Afg’oniston rahbari kursisini egallashga asosiy da’vogarlar - Hamid Karzay va sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla g’alaba qozonganini aytmoqda. Mamlakat Saylov Komissiyasi xulosa qilishga shoshmang, natijalari kelasi hafta boshida ma’lum bo’ladi, deydi.

Prezident Obamaning aytishicha, Qo’shma Shtatlar hamma qatori saylov natijalarini kutadi va g’olib arbob bilan ishlashga tayyor. “Muhimi, hisob xolis va adolatli bo’lib, xalq iroda-xohishini aks ettirsin”, - deydi u.

AQSh hukumati bu davlatda xavfsizlikni ta’minlab, hukumatni oyoqqa turg’azishda ko’maklashib keladi. Bu vazifalarni uddalaganimiz zahoti, qo’shinlar vatanga qaytadi. Afg’on xalqi bir kun kelib, o’zini mudofaa qila olishiga ishonamiz, deydi Obama.

XS
SM
MD
LG