Breaking News

Zo'ravonliklar Afg'onistonda saylovchilarni xavotirga solmoqda


Payshanba kuni Afg'onistonda prezident saylovlari o'tishi rejalangan ekan, Tolibon jarayonni izdan chiqarish maqsadida zo'ravonliklarni kuchaytirmoqda. Bugun xalqaro qo'shinlar va BMT xodimlariga qilingan xurujlar natijasida kamida 16 kishi o'lgan, 50 dan ziyodi jarohat olgan. Kuzatuvchilar fikricha, zo'ravonliklar oqibatida 20 avgust kuni saylovga kam fuqaro chiqishi mumkin.

BMT maxsus vakili Kay Eyde beqarorlik oqibatida saylov uchastkalarida nazorat qo'l ostidan chiqib, ovozlarni soxtalashtirish osonlashishidan tashvishda.

Shunga qaramay, deydi u, bu hol saylov jarayoniga katta putur yetkazmaydi.

Bugungi xurujlardan biri koalitsiyaga tegishli harbiy kolonnani nishonga olgan. Poytaxt Kobulda esa bir necha raketa prezident saroyi yoniga borib tushgan. Yana bir xuruj janubdagi Uruzgon viloyatida sodir etilib, 4 askar va 2 fuqaro halok bo'lgan.

Toliblar saylovlarni izdan chiqarishga zo'r berishiga qaramay notinch Zabul viloyati hokimi Ashraf Nassiri vaziyat nazorat ostida deydi.

"Saylovlar ko'ngildagidek o'tadi. Xavfsizlik kuchlari barcha saylov uchastkalarida barqarorlikni ta'minlaydi," deydi hokim.

AQSh elchisi Karl Aykenberriga ko'ra, agar zo'ravonliklar davom etsa, odamlarni saylovga chiqishga da'vat etish oson bo'lmaydi.

"Buni har bir fuqaroning o'zi hal qilishi kerak. Ammo shuni ta'kidlab o'tmoqchimanki, xavfsizlikni ta'minlash uchun barcha choralar ko'rilmoqda," deydi AQSh elchisi.

Afg'onistondagi o'zbeklar sardori general Abdul Rashid Do'stumning Turkiyadan vataniga qaytishi AQSh xavotiriga sabab bo'lmoqda. Bir vaqtlar Afg'oniston shimolini nazorat qilgan, 2001 yilda toliblarga qarshi operatsiyalarda Shimoliy Alyans safida faol jang qilgan Do'stum prezident Karzay bilan kelishmovchilik sabab so'nggi paytlarda surgunda Turkiyada edi. Ba'zi ma'lumotlarga ko'ra, tomonlar shaxsiy nizolarni bartaraf etishga muvaffaq bo'lgan. Karzay ma'muriyati Do'stumdan shimolda ovozlarni yutishda yordam berishni so'ragan, buning evaziga esa, Karzay g'alaba qilgan taqdirda, Do'stumga hukumatdan yaxshi lavozim va'da qilingan.

Biroq Qo'shma Shtatlar generalning Afg'onistonga qaytishiga norozilik bildirmoqda. Chunki u mamlakatdagi bir necha harbiy jinoyatlarga aloqadorlikda ayblanmoqda. Rasmiy Vashington fikricha, uning amaldagi prezident Hamid Karzay saylov kampaniyasiga aralashuvi saylov jarayoniga dog' tushirishi mumkin.

AQSh Davlat kotibi muovini Pi Jey Kroulining aytishicha, Qo'shma Shtatlar generalning mamlakatga qaytishidan xavotirda.

"Prezident Obama Do'stumning bir necha yil burun asirlikdagi 2000 ga yaqin tolib o'limiga aloqadorligini tekshirishga ko'rsatma bergan," deydi AQSh rasmiysi.

AQShdagi inson huquqlari tashkilotiga ko'ra, general Do'stumga qarshi qo'yilgan ayblovlar bo'yicha sinchkov tekshiruv o'tkazilmas ekan, unga hukumatga qaytishga imkon bermaslik kerak, aks holda afg'onlarda jinoyat hali ham jazosiz qolmoqda degan tasavvur kuchayishi mumkin.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Qo'shma Shtatlar hech bir nomzodni qo'llab-quvvatlamasligini aytmoqda.

Kobul universiteti professori Vadir Safiyning Amerika Ovoziga aytishicha, prezident Karzay Do'stum yordamida shimoldagi o'zbeklar ovozini olishga umid qilmoqda. Qisqa muddatda bu Karzayga qo'l kelishi mumkin, biroq uzoq muddatda uning obro'siga putur yetkazadi.

"Karzay urush jinoyatchilarini atrofiga to'plab, adolatdan qaytib, xalq ishonchini yo'qotdi," deydi siyosatshunos.

XS
SM
MD
LG