Breaking News

Qirg'izistonda mintaqaviy birdamlik haqida ijobiy fikrlar yangramoqda


Markaziy Osiyoda mintaqaviy birdamlik azaldan nozik masala bo’lib kelgan. Besh respublika o’rtasida muammolar talay - iqtisoddan tortib madaniy kelishmovchiliklargacha.

Qirg’iziston rasmiylari shu kunlarda qo’shni davlatlar bilan siyosiy-iqtisodiy aloqalarni yaxshilashga kirishgan.

Ayrim ziyolilar nazarida Qozog’istonning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qila boshlashi ijobiy o’zgarishlarga yetaklashi mumkin. Tashkilot, deydi ular, fursatdan foydalanib, mintaqada inson huquqlarini yaxshilash uchun choralar ko'rishi va o'z ta'sirini o'tkazishga harakat qilmog'i lozim.

Siyosatshunos, O’sh davlat universiteti professori Arap Anarbayev deydiki Qirg'iziston o'z tashqi siyosatini qo'shni mamlakatlarga qaramoqda.

“Qirg'iziston rahbari Kurmanbek Bakiyev buni o'z saylovoldi platformasida alohida aytib o'tgan edi. O’lkamizning tashqi siyosati O’zbekiston, Tojikiston, Qozog'iston va Turkmaniston bilan yaxshi qo’shni bo’lishni nazarda tutadi”.

Professor Anarbayev mintaqa mamlakatlari hamkorlikda yechishi kerak bo’lgan dolzarb masalalarni sanab o'tadi.

“Chegara muammolari hal bo’lishi kerak. Qirg'iziston Qozog'iston va Xitoy bilan chegaralarini aniqlab olgan. Ushbu jarayon O’zbekiston bilan ham oxirigacha yetkazilishi lozim. Bu borada besh yil davomida to’xtab qolgan so’zlashuvlar yaqindan qayta boshlandi. Ikkinchidan suv-gidroenergetika masalalari mavjud. Qambar-Ota GESi, yangi suv ombori qurilishi suv tanqisligiga olib kelishi mumkin”, - deydi olim.

Uning tahlil qilishicha, Qirg'iziston va Qozog'iston Markaziy Osiyoni birdamlikka undab faol harakat qilmoqda.

Qirg'izistonlik yana bir olim Ahmadjon Mamajonov bu davlatlar yanada salmoqli ishlar qilishi lozim deb hisoblaydi. Xususan turizmni rivojlantirish, transport vositalarini taraqqiy ettirish, mamlakatlarni bog'lovchi dasturlar bilan chiqishi kerak.

“Aytaylik, O’zbekiston-Qirg'iziston-Xitoy temir yo’li qurilishi. Bu narsa nafaqat Markaziy Osiyo balki Yevrosiyo mintaqasi uchun juda katta ahamiyatga ega bo’lgan loyiha. Qirg'iziston Buyuk Ipak Yo’lida joylashgan tarixiy obidalarni UNESCO dunyo tarixiy ro’yhatiga kiritish uchun harakat qilishi kerak”, deydi u.

Professor Anarbayev Qirg'iziston va O'zbekiston orasida kechgan so'nggi muzokaralarni ijobiy baholaydi. Tomonlar bir necha masalalar, jumladan gaz ta’minoti va gidroenergetika bobida yangi loyihalar haqida bir fikrga kelgan.

Hamma narsa liderlar qo'lida, deydi ziyolilar. Rahbarlar sidqidildan aloqa qilib, adovatni chetga surib, xalqlar foydasi uchun ishlasa, ko'plab nizoli masalalar ortda qoladi. Tashqi dunyoning regionga berayotgan e'tiboridan foydalanish kera. Sarmoya jalb etish, birgalikda yirik loyihalarni ishga solish - zamon talabi.

Qozog’iston bu yil Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga rahbarlik qilar ekan, deydi Anarbayev, dunyo Markaziy Osiyoni yaqindan kuzatmoqda. Raislik o'zi bilan ko'plab majburiyatlarni olib keladi. Qozog'iston ularni bajarishga majbur.

“Bu esa birinchi navbatda inson huquqlari ahvolini yaxshilashga yordam beradi. Hozirda bu katta muammo. Masalan Qirg'izistonda jurnalistlarga tazyiq kuchaygan, davlat arboblarini qamoqqa olish hollari ko'p. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining asosiy vazifalaridan biri bu huquqni ta'minlash uchun kurash. Vaziyat og'ir ekan, tashkilot chora ko'rishi, o’z ta’sirini ko’rsatishi kerak”, - deydi siyosatshunos Anarbayev.

Mintaqa bo'ylab chegara, suv-energetika, atrof-mihit ifloslanishi kabi qator chigal va murakkab masalalar yechimini kutmoqda. Ushbu muammolarni hal etish o’zaro hurmat talab qiladi, qolaversa o'zaro manfaatlarni hisobga olgan holda ish tutish.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG