Qirg’izistonda prezident saylovlari nihoyasiga yetgan. Markaziy saylov komissiyasi jarayon tinch va tartibli o’tgan, demoqda. Saylovda 73 foiz aholi ovoz bergan, deydi rasmiylar.
Ayrim xabarlarga ko’ra muxolifat saylov jarayonidan qattiq norozi. Namoyishlarga tayyorgarlik ketmoqda.
Muxolifat rahbari, prezidentlikka nomzod Almazbek Atambayev prezident saylovlari noqonuniy o’tdi, deya tanqid qilmoqda. Sobiq bosh vazir saylov qayta o’tkazilishini talab qilgan. Atambayev amaldagi rahbar Qurmanbek Bakiyevga asosiy raqib deya ko’rilayotgan edi. Tahlilchilar nazarida Qirg’iziston xalqi orasida saylovga befarqlik hukmron, avtoritar rahbar Bakiyev yana besh yilga saylanishi aniq, deydi ular.
Rossiya mabuoti xabariga ko’ra, dastlabki natijalar Bakiyevga 67 foiz aholi ovoz berganidan dalolat bermoqda. Uning bosh raqibi Atambayev esa 12.7 foiz ovoz olgan.
Xalqaro kuzatuvchilar so’zlariga ko’ra, saylov to’liq erkin va adolatli o’tmagan.
Ayniqsa, qishloqlarda ovoz berish jarayoni sust kechgan. Muxolifat jiddiy qonunbuzarliklardan shikoyat qilmoqda. Oliy o’quv yurtlarida talabalar orasida Bakiyev foydasiga ma’muriy resurslar keng qo’llanilgani aytilmoqda.
Saylovda olti nomzod qatnashib, ikkisi – Almazbek Atambayev va Jenishbek Nazaraliyev jarayon noqonuniy deya, poygani tark etishini ma’lum qilgan. Biroq keyinroq bu xabar rad qilingan.
Qirg’iziston janubida, O’shda fuqarolarning aksariyati prezident Bakiyevga ovoz bergan, degan taxmin bor. Sabab sifatida Bakiyevning shu hududdan ekani keltiriladi.
Bundan tashqari, amaldagi prezident saylovoldi targ’ibot imkoniyatlaridan keng foydalangan. Janubiy Qirg’izistonda ommaviy axborot vositalarida asosan prezident Qurmanbek Bakiyev nomzodi tilga olingan.
Xalqaro kuzatuvchilar mintaqada so’z erkinligiga jiddiy putur yetgan, deb keladi. Jurnalistlar tanqidiy maqola chop etishdan qo’rqib qolgan. Ular o’zlarining xavfsizligidan xavotirda.
Shuningdek, janub aholisi orasida rahbarga bo’ysunish kayfiyati kuchli. Ayniqsa, o’zbeklar jamoasi aksariyat hollarda amaldagi rahbar tarafdori bo’lib kelgan.
Muxolifat esa tashviqot ishlarini puxta tashkil qila olmagan. Ayrim telekanallar boshqa nomzodlarga umuman e’tibor bermagan.
Prezident saylovlari natijalari ertaga e’lon qilinishi kutilmoqda.