Breaking News

Baktibek Beshimov: "Bakiyev Akayev xatosini takrorladi"


Qirg'izistonda so'nggi 2-3 kun ichida bo'layotgan voqealar turlicha izohlanmoqda. Kimdir uni tartibsizlik va bezorilik deb atasa, kimdir yangi inqilob bo'lganini aytadi, yana kimdir eski inqilobning davomi deya ta'kidlamoqda.

O'tgan yil sentyabrida AQShda boshpana so'rashga majbur bo'lgan, Qirg'iziston parlamentida sotsial-demokratlar partiyasi fraksiyasiga rahbarlik qilgan Baktibek Beshimovning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Bakiyev rejimining kuni bitdi va yangi hokimiyat uning xatolarini takrorlamasligi kerak.

Qirg'izistonda 2005 yil martida Lolaqizg'aldoq inqilobi ro'y berganida xalqaro jamoatchilik uni demokratik harakat deb olqishlagan edi. Biroq hokimiyat tepasiga kelgan Qurmanbek Bakiyev asta-sekin inqilob ortida turgan siyosatchilardan qutula boshladi. Kimdir xorijga ishga jo'natildi, kimdir qamoqqa olindi, kimdir yo'q qilindi, yana kimlardir esa siyosiy boshpana so'rab mamlakatni tark etishga majbur bo'ldi. Sobiq inqilobchilarning bir qismi muxolifatga o'tdi. Bugunga kelib ular 2005 yil mart voqealarini inqilob emas, jinoiy guruhlar tomonidan puxta rejalangan davlat to'ntarishi deb ataydi.

Baktibek Beshimov Qirg'izistonning ko'zga ko'ringan siyosatchilaridan, olim, tajribali diplomat. Mamlakatdagi voqealar tugallanmagan inqilobning davomi, deydi.

"Bakiyev hokimiyatidan to'ygan xalq stixiyali ravishda hukumatga qarshi chiqib, nohaqliklarga ortiq chidab turolmasligini shu tariqa namoyish etdi. Hozirgi chiqishlar 2005 yildagisidan ko'lami va shijoati bilan ajralib turadi".

Baktibek Beshimovning ta'kidlashicha, Bakiyev sobiq prezident Askar Akayev xatosini takrorladi.

"Bakiyevning harakatlari Akayevnikidan o'tib tushdi. Uning hokimiyati davrida korrupsiya va repressiyalar kuchaydi, tuzum xalq hayoti va muammolariga yanada befarq bo'ldi, qonunbuzarliklarga barham berilmadi. Atrofidagilar esa Bakiyev klani jinoyatlariga ko'z yumdi. Ularni javobgarlikka tortish kerak, aks holda ahvol yaxshilanmaydi", - deydi Beshimov.

Markaziy Osiyoda bir vaqtlar "demokratiya oroli" deb tan olingan Qirg'iziston turli xalqaro tashkilotlar hisobotlarida so'nggi yillarda eng past baho olib, nodemokratik tuzum deya ta'riflangan.

Baktibek Beshimov "o'tmish xatolarini takrorlamaslik kerak", deydi.

"Muxolifat bo'layotgan voqealarni chuqur tahlil qilib, vaziyatni barqarorlashtirishi lozim. Xalqaro jamoatchilik respublikadagi jarayonlarga bundan keyin qo'yiladigan qadamlarga qarab baho beradi", - deydi Beshimov.

Qirg'iz siyosatchisiga ko'ra, Bakiyev xalqqa ko'p va'dalar berib, prezidentligidan yarim yil o'tgach uning aslida kim ekani ayon bo'ldi, xalqning undan ko'ngli qoldi. 2005 yil inqilobi o'z maqsadiga yetmadi, hozirgi voqealar uning davomi, deydi Beshimov.

Ba'zi nashrlar Qirg'izistondagi hukumatga qarshi namoyishlar ortida tashqi kuchlar turganiga ishora qiladi. Biroq Beshimovning aytishicha, asosiy rolni xalq o'ynadi.

"So'nggi ikki hafta davomida Rossiya matbuoti Bakiyevga qarshi tinimsiz hujum qilgan. Korrupsiya, Bakiyevning oilasi, respublikadagi ahvol haqida tanqidiy maqola va ko'rsatuvlar chiqib, qirg'iz xalqining ruhiy tayyorgarligiga o'ziga yarasha ta'sir qildi".

Baktibek Beshimov muxolifatning xorijda surgunda yurgan boshqa namoyondalari kabi shu kunlarda respublikaga qaytib, siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishini bildirmoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG