Breaking News

AQSh Qirg'izistonni tinchlikka chaqirmoqda


Obama ma'muriyati Qirg'izistonda tinchlik ravnaq topadi degan umidda.

"AQSh zo'ravonlikni qoralab, qurbonlar haqidagi xabarlardan g'oyat tashvishda", - deydi Davlat departamenti matbuot kotibi Filipp Kroul.

Oq Uy rasmiylari Qirg'iziston hukumati va faollari bilan bog'lanib, bosiqlikka, qon to'kmaslikka va fuqarolar huquqini hurmat qilishga da'vat etgan.

Qirg'izistonda yangi, muvaqqat hukumat tuzilgan.

Prezident Qurmanbek Bakiyev va uning safdoshlari bilan muloqot ketmoqda.

Muxolifat yetakchisi Temir Sariyevning aytishicha, Bosh vazir Doniyor Usenov ishdan ketish haqida ariza bergan.

Namoyish va beqarorlik Bishkek, Talas, Norinni qamrab olgani aytilmoqda.

Kechaning o'zida Talas shahrida 85 militsioner jarohatlangan. Usenov muxolifatni "bandit", "bezori" deya ta'riflagan.

Qozg'olonda 40 kishi halok bo'lgan, 400 odam jarohatlangan.

Bishkek yaqinidagi Manas aeroportida o'z bazasiga ega AQSh Qirg'izistondagi vaziyatni yaqindan kuzatmoqda. Muvaqqat hukumat bazaga qarshi emas. Afg'onistonga yuk tashish va harbiy parvozlarga hech kim halal bermaydi deya qayd etilmoqda.

XS
SM
MD
LG