Breaking News

Qirg'izistonda o'lim jazosini tiklash masalasi muhokamada


Qirg’izistonda bundan 10 yil ilgari man qilingan o’lim jazosini tiklash borasida bahs-munozaralar kuchaymoqda.

Xabarlarga ko’ra, jinoiy voqealar ortganini nazarga olgan rasmiylar milliy xavfsizlik kengashida, siyosiy partiyalar ham omma orasida masalani muhokama qilyapti.

Qirg’iziston Xavfsizlik Xizmati rahbari Murat Sutalinovga ko’ra, o’lim jazosi tiklangan holda o’lkada tartib-intizom hukm surgan bo’lardi. Ammo rasmiy Bishkek bu borada o’z nuqtai-nazarini e’lon qilmagan.

Oddiy qirg’izistonliklarning fikrlari esa xilma-xil.

“Tergov ishlari haqqoniy olib borilsa o’lim jazosini qo’llash kerak. Bo’lmasa, bu ham korrupsiyaga olib boradi”, - deydi o’shlik faxriy ayol.

“O’lim jazosi bermasdan, umrbod qamoqxonada qolgani yaxshi. Menimcha, nohaq ishlar ko’payib ketyapti, begunoh insonlarni bekordan ham o’ldirib yuborish hech gap emas”, - deydi o’rta yoshli taksi haydovchisi.

Qirgizistonda o’lim jazosiga moratoriy 10 yil avval e’lon qilingan va o’z paytida jiddiy munozaralarga sabab bo’lmagan.

O’sh shahridagi “Luch Solomona” inson huquqlari tashkiloti rahbari Sodiqjon Mahmudov deydiki:

“Moratoriy degani – sud organlari o’lim jazosi berishi mumkin, lekin ushbu hukm bajarilmaydi. 1999 yildan 2006 yilgacha Qirg’izistonda 300 ga yaqin jinoyatchiga o’lim jazosi berilgan. 2007 yildan e’tiboran konstitutsiyaga, Jinoyat kodeksiga o’zgarishlar kiritilgan va o’lim jazosi y’oq qilingan. Bizning davlat xalqaro hujjatlarga imzosini qo’ygan. Ushbu hujjatlarda o’lim jazosi yo’q qilinishiga alohida to’xtalib o’tilgan. Hozirda o’lim jazosini qaytadan tiklash oson emas. Buning uchun konstitutsiyani o’zgartirish kerak”, - deydi suhbatdosh.

Mutaxassislar orasida bu masala xususida yakdillik yo’q.

O’shlik siyosatshunos Ahmadjon Muhammadjonov nazarida, zikr qilingan jazo tiklangan holda korrupsiyalashgan sud sistemasi bundan foydalanadi, degan xavotirlar ham bor.

“O’lim jazosini qaytadan joriylashga shoshilish kerak emas. Jamiyat bunga tayyor bo’lishi lozim”, - deydi Ahmadjon Muhammadjonov.

Inson huquqlari tashkiloti boshlig’i Sodiqjon Mahmudovga ko’ra, Qirg’iziston sudlarida ham xatolar, adolatsiz hukm chiqarish hollari oz emas.

“Ovrupada 8 foizgacha sud xatolari bor. Rossiya Federatsiyasida 16 foizgacha. Buni mahkama xodimlari o’zlari ham tan olishadi. Sud xatosi tufayli kimdir o’limga mahkum qilinsa, keyinroq uning begunohligi ma’lum bo’lsa, unda nima bo’ladi?”, - deydi u.

Qator arboblar nazarida o’lim jazosini tiklash yoki tiklamaslik davlat rahbari, parlament yoki hukumat yechadigan masala emas. Ushbu savol umumxalq ovozi bilan hal qilinishi darkor.

“Albatta, bu narsa tor doirada hal qilinishi joiz emas. Sababi, masalaning u yoki bu tomon yechilishi jamiyatdagi psixologik vaziyatga juda katta ta’sir ko’rsatadi. Shuning uchun har tomonlama o’ylab ko’rib, ijobiy va salbiy jihatlarini taroziga solish lozim bo’ladi”, - deydi Ahmadjon Muhammadjonov.

XS
SM
MD
LG