Breaking News

O'shlik jurnalistlar: Alisher o'ldirilgach qo'rquv yanada kuchaydi


Bir paytlar Markaziy Osiyoning demokratik islohotlar beshigi deya ta’riflangan, erkin matbuot ildiz ota boshlagan Qirg’izistondagi bugungi siyosiy jarayonlar, ayniqsa haqiqatgo’y yoshlarni xavotirga solmoqda. Kelajakka nisbatan ishonch so’nib bormoqda.

Shu kunlarda yosh jurnalist Alisher Soipov, "Amerika Ovozi" muxbiri va "Siyosat" gazetasi muharririning o'ldirib ketilganiga ikki yil bo’ldi.

Uning tengdoshi, mahalliy televideniye muxbiri Ilhomjon Abduqahhorov Alisher bilan bir oliygohda tahsil olgan.

“Alisher Soipov judayam samimiy yigit edi. Jurnalist sifatida o’ziga xos fikrlarga ega bo’lgan. Yuziga boqib, ko’p narsalarni amalga oshiradi deb o’ylardim”, deydi Ilhomjon.

Hozirda janubiy qirgizistonlik yosh qalamkashlar qanday sharoitlarda ijod qilishmoqda?

Fojiadan so’ng utgan yillar ichida jurnalistlar havfsizligi borasida biron siljish bo’ldimi?

Ularning bildirishicha hozirgi paytda jurnalistlar qo'rquv hissi bilan ishlamoqda.

“Bir narsani tagiga yetish uchun qalamkash o’ziga ancha ishongan bo’lishi kerak. Oddiy til bilan aytganda, uni biron “krishasi” bo’lishi lozim. Jurnalist hayoti xavf ostida”, deydi Abduqahhorov.

O’sh teleradiokompaniyasi xodimasi Muazzam Zaynobiddinova fikricha Qirg'iziston janubida Alisher Soipovning o’limigacha va Novkat tumanidagi fojiagacha (bir necha oy avval mahalliy journalist kaltaklangan va kasalxonada jon bergan) jurnalist kasbi u qadar xatarli ko'rinmagan edi. Hozir sharoit o'zgargan.

"Ikki yol qolayapti. Yo yengil-yelpi ishlash, buni ko’chilik xohlamaydi yo xavf yo'li”, deydi Zaynobiddinova.

Tahlilchilar aytishicha, keyingi yillarda Qirg'iziston matbuotida tanqidiy chiqishlar keskin ozaygan. Bunga turli tomondan, jumladan ayrim davlat idoralari bosimi sabab deyilmoqda.

Bishkekdagi “Mediavakilchilik” deb nomlangan jamoatchilik jamgarmasining so’nggi ma’lumotida keltirilishicha to’rt yil davomida o'lkada 60ga yaqin jurnalist jabrlangan. 6 nafar qalamkash siyosiy boshpana izlab mamlakatni tark etgan.

Telejurnalist Muazzam Zaynobiddova nazarida nafaqat yosh qalamkashlar balki tajribali hamkasblar oldida zikr qilingan voqealardan so’ng qandaydir to’siqlar sezila boshlagan.

“Yoshlar hozircha jurnalistika sohasida kelajaklarini tasavvur qila olmayapti. Aynan Alisher o’limini tushungan hamkasblarimiz esa ko’liga qalam olib biron jiddiy mavzuda mulohaza yurgizishga qorkib qoldi deb oylayman”, -deydi Zaynobiddinova.

Jalol-Obod shahridagi “Midea-inkubator” nomli nohukumat tashkilot yosh jurnalistlar bilan ishlaydi. Ushbu tashkilot Alisher Soipov nomidagi mukofot ta’sischilaridan biri. Sovrin har yili yosh iste’dodli jurnalistlarga beriladi.

“Parlamentda deputatlari tomonidan tashabbus kiritilgan. Unga ko’ra jurnalistlarga tajovuz qilingan holatda jazo kuchaytirilsin deyiladi. Lekin ushbu taklif haligacha qabul qilinmadi”,- deydi tashkilot rahbari Abdumo'min Mamaraimov.

Mayli, deydi u, bu kunlar ham o'tar-ketar. Alisher Soipov kabi yuragida o'ti bor jurnalistlar baribir kasbiga sodiq qoladi.

XS
SM
MD
LG