Qozog’iston Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisligiga kirishar ekan, bu mamlakat Tashqi ishlar vaziri Kanat Saudabayev AQShga tashrif buyurgan.
Vazir tashkilot sammitini Qozog’istonda o’tkazishda AQSh ma’muriyatidan ko’mak so’rash niyatida.
Saudabayevning AQShga 5 kunlik tashrifi chog’ida Qozog’istonning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisi sifatidagi vazifalari, Afg’onistondagi vaziyat, AQSh bilan ikki tomonlama munosabatlar muhokama etiladi.
Vazir AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden, Davlat kotibasi Xillari Klinton, davlat xavfsizlik maslahatchisi Jeyms Jouns singari yuqori lavozimli rasmiylar bilan uchrashishi mumkin. Shuningdek, Kongress a'zolari bilan ham fikr almashadi.
Saudabayev Oq uydan Ostonada Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti sammitini o’tkazish fikrini qo’llab-quvvatlashni so’rashi kutilmoqda.
56 a’zo davlat rahbarlarini bir joyga to’plash xavfsizlik va texnik jihatdan qiyinchilik tug’dirgani uchun tashkilot a’zolari so’nggi 11 yildan beri oliy darajada uchrashmagan.
Qozog’iston AQShning Afg’onistondagi missiyasi va xususan prezident Obamaning qo’shinlar sonini 30 mingga oshirish qarorini qo’llab-quvvatlaydi.
Saudabayevning aytishicha, so’nggi 8 yil ichida Afg’onistonda vaziyat yaxshilanmay, aksincha yanada salbiylashgan.
“Xavfsizlikni mahalliy kuchlar zimmasiga topshirmasdan turib, Afg’onistonni tark etish mumkin emas. Qo’yilgan maqsadlarga erishmay chiqib ketilsa, erta-indin mamlakatga yana qaytib kirishga majbur bo’lamiz", - deydi Saudabayev.