Breaking News

Afg'onistondagi beqarorlik O'zbekistonni imkoniyatlardan ayirmoqda


Afg`onistonda keskinlashayotgan vaziyat mahalliy kuzatuvchilarga ko`ra xavfsizlik jihatdan O`zbekistonga tahdid solmasada, biroq Afg`onistonda barqarorlikning qaror topishi O`zbekiston uchun muhum strategik ahamiyatga ega.

Afg`onistonda NATO qo’shinlari va Tolibon jangarilari o`rtasidagi to`qnashuvlar tobora keskinlashayotganligi bildirilmoqda.

Mutaxassislar Afg`onistondagi vaziyatning chigallashuviga doir bir necha sabablarni ko’rsatmoqdalar – AQSh boshchiligidagi harbiy harakatlarning keyinchalik NATO qo`shinlariga yuklatilishi, AQSh asosiy e`tiborni Iroqqa qaratayotgani va Afg`onistondagi vaziyatning e`tibordan chetda qolayotganligi.

Mamlakatdagi vaziyatning keskinlashishi tahlilchilar tomonidan prezident Hamid Karzay hukumatining faoliyatsizligi bilan ham izohlanmoqda.

O’zbekistondagi ekspertlardan biri Toshpo’lat Yo`ldoshevga ko`ra, Afg`onistondagi hozirgi vaziyat markaziy hukumat faoliyatini tobora cheklab qo`ymoqda.

“Ularning o`zi, ya’ni hukumat vakillari va politsiya shahardan besh kilometr nariga chiqishga qo`rqishadi. Ayni damda Tolibonni shayxlar va ayrim dala qo`mondonlari qo’llab-quvvatlashmoqda. Vaziyat ancha og’ir. Barqarorlik NATO va AQSh qo’shinlari vaziyatni qanday hal etishlariga bog`liq”.

Rasmiy Toshkent O`zbekistonga nisbatan ekstremistik xavfni an’anaviy tarzda Afg'oniston bilan bog’lab keladi. Biroq Toshpo`lat Yo`ldoshevga ko`ra, Afg`onistondagi vaziyat O`zbekistonga ta`sir etmaydi.

“Bu – ularning ichki muammolari. O`zbekistonda esa, hatto O’zbekistonning ichidan ham hech qanday xavf yo`q. Hukumatimiz terrorchi va diniy ekstremistlar xavfi bor deydi. Ochig`i men bu gaplarga ishonmayman. Bu – xalqni aldash va qo`rqitish uchun qo`llanilayotgan siyosat. O`zbekiston Islomiy Harakatida, bo`lsa 50-60 bor va ular Afg`oniston bilan Pokiston chegarasida, hech kim nazorat qilmaydigan joylarda yashirinishgan”, - deydi ekspert.

Kuzatuvchilarga ko`ra, O’zbekiston hukumati tomonidan ko`rilayotgan tahdid - O`zbekiston Islomiy Harakati - AQShning 2001 yil kuzida Afg`onistonda boshlagan harbiy harakatlaridan so`ng deyarli parchalangan.

Tahlilchilar mamlakat ichkarisida ekstremistik kayfiyat mavjudligi haqidagi hukumat dastaklarini diniy e’tiqodning ta’qibga olinishi natijasi bilan bog’lashadi.

Siyosatshunoslarga ko`ra, O`zbekiston AQSh boshliq xalqaro koalitsiya tarkibida Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda hissa qo`shgan, jumladan AQSh harbiy bazasi Qarshi yaqinidagi Xonobod aerodromida joylashtirilgan.

Biroq Andijon fojealari ketidan ikki tomonlama aloqalarning salbiylashishi AQSh va O`zbekistonning Afg`onistondagi vaziyat bo`yicha hamkorligini deyarli yo`qqa chiqargan.

Kuzatuvchilar O`zbekiston uchun Afg`onistondagi barqarorlik tahdidni bartaraf etish emas, balki mamlakat strategik imkoniyatlarini kengaytishish uchun ahamiyatli ekanini ta’kidlashadi.

Afg`onistonlik muhojir olim Abdulhakim Juzjoniyga ko`ra, u yerdagi barqarorlik O`zbekistonga yangi tranzit yo`llarini tashkil etish, yangi bozor yaratish, Hind okeaniga chiqishda eng qisqa va qulay imkoniyatlar yaratib beradi.

“O`zbekiston qurilish va bunyodkorlik, dehqonchilik va ziroat sohasida Afg`onistonga ko`mak beruvchi davlat. Beqarorlikdan Afg`oniston zarar ko`rishi bilan birga O`zbekiston ham bir qator manfaatli imkoniyatlarni boy beradi. Lekin baribir Afg`onistonning buzilishi O`zbekiston uchun belgilovchi ahamiyat kasb etmaydi”, - deydi Juzjoniy.

XS
SM
MD
LG