Tojikiston hukumati AQSh bilan Afg’onistonga noharbiy yuk tranziti bo’yicha bitim imzolashga tayyor.
Tashqi ishlar vaziri muovini Abdullo Yo’ldoshev so’zlariga ko’ra, bitim tez orada ma’qullanishi mumkin.
Qo’shni O’zbekiston oy boshida AQSh bilan o’xshash shartnoma tuzgan edi.
Unga ko’ra, Afg’onistonda AQSh va NATO qo’shiniga atalgan oziq-ovqat, dori-darmon va qurilish materiallari O’zbekiston orqali olib o’tiladi.
Qo’shma Shtatlar Afg’onistondagi harbiy operatsiyada Turkmaniston yordamiga umid qilmoqda. AQSh Markaziy Osiyodagi bu davlat havo hududidan foydalanishi mumkin.
Davlat kotibi muovini Richard Baucher masalani prezident Qurbonguli Berdimuhammedov bilan muhokama qilgan.
Rasmiy Vashington mintaqadagi har bir davlat bilan shu mavzuda muzokara olib bormoqda, deydi Baucher.
Berdimuhammedov yil boshida O’zbekistonga safari chog’ida AQSh bilan hamkorlik, Afg’onistonga noharbiy yuk ta’minoti haqida to’xtalgan.
Qirg’iziston hukumati AQSh harbiylarini “Manas” bazasidan chiqarishga qaror qilgach, Vashington Markaziy Osiyoga boruvchi muqobil yo’llarni qidirishga tushgan.