Breaking News

Turkmanistonda prezident saylovlariga bir oydan kam vaqt qoldi


Turkmanistonda prezident saylovlariga bir oydan kam vaqt qoldi
Turkmanistonda prezident saylovlariga bir oydan kam vaqt qoldi

12-fevral kuni Turkmanistonda prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Saparmurod Niyozov vafotidan so’ng 2006-yilda davlat tepasiga kelgan Qurbonguli Berdimuhammedov nomzodlar ro’yxatida. U bilan sakkiz arbob bellashadigan.

Mintaqaning eng yopiq, siyosiy va so’z erkinligi mavjud bo’lmagan mamlakatdagi bu raqobat haqiqiyligiga ishonch kam. Xalqaro tashkilotlar saylovni kuzatish foydasiz, deya mulohaza qiladi.

Shvetsiyada yashayotgan turkman muhojiri, yozuvchi Ak Velsafar fikricha, diktatura sharoitida saylovning natijasi avvaldan ma’lum.

“Turkmanistonda hech kim Berdimuhammedovga ishonmaydi, hamma saylov shunchaki spektakl ekanini yaxshi tushib turibdi. Aholi rahbar Saparmurod Niyozov yo’lidan ketayotganini bilib turibdi".

"Hatto Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchi yubormaslikka qaror qildi. Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligidan kuzatuvchilar qatnashishi mumkin, lekin ularning xulosasi qanday bo’lishini avvaldan aytish qiyin emas”, - deydi u.

Saylovga tayyorgarlik jarayoni davom etmoqda. Berdimuhammedov o’z dasturini e’lon qilib, qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan mamlakatni sanoatlashgan davlatga aylantirishga va’da beradi; fuqarolik jamiyatini rivojlantirib, buning uchun yangi partiyalar tuzish, mustaqil matbuotni rivojlantirish zarurligini ta’kidlab o’tadi.

Turkmanistonda prezident saylovlariga bir oydan kam vaqt qoldi
Turkmanistonda prezident saylovlariga bir oydan kam vaqt qoldi

Poyga oldidan ko’ppartiyaviy tizimni shakllantirish haqidagi qonun imzolangan.

Amaldagi prezidentning targ’ibot kompaniyasi marhum Niyozovnikidan keskin farq qiladi.

“Avvalgi prezident yoki Islom Karimov bilan solishtirganda u bir oz iliqroq, demokratik o’zgarishlarga moyil insondek ko’rinadi. Lekin aslida undan biron demokratik o’zgarishlar kutish natijasiz, chunki hokimyatni noqonuniy egalladi, qonuniy voris sanalgan parlament spikerini qamoqqa tiqdi”, - deydi yozuvchi.

Velsafar deydiki, mamlakatda diktatura kuchayib, Berdimuhammedov ikkinchi muddatga saylangach vaziyat yanada og’irlashishi mumkin.

“Mamlakatda hamon qora ro’yxat mavjud, so’z erkinligi yo’q, mustaqil fikr ta’qib ostida”, - deydi yozuvchi.

Turkmaniston prezidentligi uchun yana bir necha nomzod ro’yxatga olingan, ayrimlari jamoatchilikka taniqli kishilar. Ularning dasturlari amaldagi hukumatning ulkan yutuqlarini e’tirof etishdan boshlanadi.

Velsafar nazarida Berdimuhammedovning raqiblari poygada qatnashishdan tashvishda. “Yuqoridan buyruq asosida ish ko’rayotgan bu shaxslarning boshqa iloji yo’q”, - deydi yozuvchi.

“Avvalgi saylovlardan nomzodlarning taqdiri ma’lum - ko’plari qamoqga olindi, ishdan chetlatildi”, - deydi adib.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG