Breaking News

AQSh Turkmaniston bilan hamkorlikni kuchaytirish tarafdori


Turkmanistonda Saparmurod Niyozov o’limidan so’ng yangi prezident tayinlangach, AQShda Turkmanistonga nisbatan yangicha siyosat yuritishga chaqirilmoqda. AQSh Davlat Xavfsizlik Kengashining Markaziy Osiyo bo’yicha bo’limi sobiq direktori Deyvid Merkel Qurbonguli Berdimuhammedov hukumati bilan yaqindan muloqot qilish tarafdori.

Deyvid Merkelning aytishicha, AQShning Turkmanistondagi maqsadlari mintaqaga ham tegishli. Bular xavfsizlik, savdo, energetika hamda siyosiy va iqtisodiy islohotlar. Ushbu sohalardagi hamkorlik bir vaqtning o’zida olib borilishi va bir-birining evaziga bo’lmasligi kerak.

Qo’shma Shtatlar ayniqsa jahonda gaz zahiralariga boy Turkmaniston bilan energetika sohasida yaqindan hamkorlik qilish tarafdori, biroq bu bilan AQSh Rossiyaning Gazprom kompaniyasini mintaqadan siqib chiqarmoqchi emas, deydi AQSh Davlat Xavfsizlik Kengashining Markaziy Osiyo bo’yicha bo’limi sobiq rahbari. Maqsad – turkman gazining jahon bozoriga turli quvurlar orqali chiqarilishini ta’minlash va Turkmanistondan gaz olayotgan Yevropaga yonilg’i olishning muqobil yo’llarini yaratish.

Bu bilan, deydi Deyvid Merkel, Turkmanistonning Rossiyaga tobe bo’lib qolishining oldini olish, mamlakatning strategik ahamiyatini kuchaytirish va iqtisodiy foydasini oshirish mumkin.

Sobiq rasmiyning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Turkmanistonning yangi rahbariyati bilan yaqindan hamkorlik qilishi kerak. Buning uchun Qo’shma Shtatlar Turkmaniston neytralitetini qo’llab-quvvatlashi, mintaqadagi davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirishga chorlashi, Turkmanistonga AQSh prezidentining maxsus vakilini tayinlashi lozim. Deyvid Merkel, shuningdek, xalqaro hamjamiyat Turkmaniston rahbariyatidan keskin o’zgarishlarni talab qilishi emas, balki unga sog’liqni saqlash, ta’lim va qishloq xo’jaligi sohalarida yordam berishi kerak, deb hisoblaydi.

"Har bir davlatning taraqqiyot uslubi va sur’ati turlichadir, albatta. Biroq har bir hukumat xalq turg’unlikka uzoq vaqt chidab tura olmasligini esda tutishi lozim," - deydi Deyvid Merkel.

Ko’plab kuzatuvchular va mutaxassislarni Niyozov o’rniga kelgan Qurbonguli Berdimuhammedovning hokimiyatdagi mavqei qiziqtiradi. AQSh Davlat Xavfsizlik Kengashining Markaziy Osiyo bo’yicha bo’limi sobiq direktori Deyvid Merkelning aytishicha, Berdimuhammedov ayni damda o’z hokimiyatini kuchaytirishga harakat qilayotgan bo’lishi mumkin.

"Berdimuhammedov hokimiyatdagi pozitsiyasini kuchaytirib olgach, uning oldida ikkita yo’l paydo bo’ladi: Turkmanboshi siyosatini davom ettirish yoki mamlakatda keskin o’zgarishlarni amalga oshirish. Umid qilamizki, Berdimuhammedov ikkinchi yo’lni tanlaydi."

Deyvid Merkelning ta’kidlashicha, Qo’shma Shtatlarda Turkmaniston bilan aloqalarni rivojlantirishga yaxshi imkoniyat bor va u bu imkoniyatdan to’liq foydalanishi kerak.

XS
SM
MD
LG