Breaking News

Turkmanistonda saylovlardan so'ng ovozlar hisoblanmoqda


11 fevral kuni Turkmanistonda prezident saylovlari bo’lib o’tdi. Saylov byulletenlari hisobi davom etmoqda. Turkmaniston muxolifati saylovlarda ko’plab qonunbuzarliklar kuzatilganini ta’kidlamoqda.

Saylovlarda olti nafar nomzod ishtirok etdi. Saylov komissiyasiga ko’ra, ovoz berish huquqiga ega fuqarolarning yuz foizga yaqini saylov uchastkalariga chiqqan. Biroq chet-eldagi va mamlakatdagi muxolifat vakillariga ko’ra, saylovchilarning 50 foizi ham ovoz bermagan.

AQShdagi siyosiy-tahliliy markaz hisoblangan Xeritij Jamg’armasining Moskvadagi bo’limi rahbari Yevgeniy Volk fikricha, saylov natijalari oldindan ma’lum bo’lgan.

"Bu bashorat qilish oson bo’lgan saylovlardir. Nomzodlarning qaysi biri hokimiyatning yuqori pog’onasida turgan bo’lsa, o’sha g’olib chiqadi."

Yuqori pog’onada esa muvaqqat prezident Qurbonguli Berdimuhammedov turibdi.

Nomzodlarning qolgan besh nafari jamoatchilikka yaxshi tanish emas, barchasi bir partiya vakillari. Shunga qaramay, bu ko’p nomzodlar ishtirok etgan ilk saylovlar bo’ldi.

Ayrim odamlar o’zgarishlar uchun ovoz berayotganini ma’lum qildi, biroq tahlilchi Volk nazarida islohotlar hali-beri amalga oshmaydi.

Saylovlarda na MDH davlatlaridan va na G’arb davlatlaridan kuzatuvchilar bo’lgan.

G’olib chorshanba kuni prezident sifatida qasamyod keltiradi.

XS
SM
MD
LG