Breaking News

Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari BMT sammitida nutq so'zladi


Emomali Rahmon, Tojikiston prezidenti
Emomali Rahmon, Tojikiston prezidenti

Emomali Rahmon va Qurbonguli Berdimuhammedov qashshoqlikka qarshi kurash bobida hisobot berdi.

Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti sammiti o'tar ekan, O'zbekiston prezidenti Islom Karimov ketidan Turkmaniston va Tojikiston rahbarlari ham nutq so'zladi. Sammitda 140 davlat rasmiylari 10 yil oldin qabul qilingan Mingyillik taraqqiyot maqsadlari dasturini sarhisob qilmoqda. Dastur 2015-yilgacha jahon bo'ylab qashshoqlikni kamaytirishni ko'zlaydi.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning sammitda so'zlashicha, xalqaro rejani amalga oshirishda global iqtisodiy tanazzul pand bermoqda.

Uning aytishicha, iqlim o'zgarishi va uning asoratlari ham vazifani qiyinlashtirib, xalqaro hamjamiyatdan hamkorlikni talab etmoqda.



Tojikiston Mingyillik taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirishda sinov uchun tanlangan sakkiz mamlakatdan biridir. Hukumat bu borada maxsus amal dasturini qabul qilgan va buning natijasida Tojikistonda qashshoqlikni sezilarli darajada kamaytirishga muvaffaq bo'ldik, deydi Rahmon.

"Davlat byudjetining deyarli yarmi ijtimoiy sektorga, xususan ta'lim va sog'liqni saqlashga sarflanadi. Biroq mamlakat iqtisodiyotining so'nggi yillarda sekinlashgani bois ijtimoiy sektorga moliyaviy yordam ham cheklangan", - deydi u.

Tojikiston rahbarining aytishicha, davlat yordami tufayli boshlang'ich va o'rta maktab o'quvchilari soni oshdi. Emomali Rahmon bundan keyin moliyaviy inqirozga yo'l qo'ymaslik maqsadida xalqaro moliya tizmini isloh qilish zarur, deydi.

Tojikiston prezidenti mintaqada ziddiyatlarga sabab bo'layotgan gidroelektrostansiyalar qurilishini ham tilga oldi.

"Ulkan suv zaxiralariga ega Tojikiston ayni damda kichik, o'rta va katta hajmdagi gidroelektrostansiyalar barpo etmoqda. Ular nafaqat elektr quvvati olish uchun, balki irrigatsiya ishlari uchun ham muhimdir".

Suvsiz, deydi Emomali Rahmon, qashshoqlikka barham berib bo'lmaydi, toza suvsiz esa inson hayoti xavf ostida qoladi.

BMT sammitida Qurbonguli Berdimuhamedov ham nutq so'zladi. Turkmaniston prezidenti energetika masalalari bo'yicha mamlakati pozitsiyasini batafsil bayon qildi.

"Yonilg'i manbalarini diversifikatsiyalash Turkmaniston uchun muhim. Quvurlar tizimi yo'nalishini xilma-xillashtirish borasida Xitoy va Eron bilan yangi gaz quvurlari ishga tushirildi. Turkmaniston tabiiy gazini Afg'oniston va Pokiston orqali Hindistonga uzatish loyihasi o'rganilmoqda", - deydi Berdimuhammedov.

Turkmaniston rahbari nazarida yonilg'i turlari tranzitini xavfsiz va ishonchli ravishda ta'minlash bilan odamlar ehtiyojini qondirish mumkin.



Berdimuhammedov Turkmanistonning xalqaro hamjamiyat safida faollashganini ham alohida ta'kidlab o'tdi.

"Tinchlikparvar davlat sifatida Turkmaniston xalqaro siyosatda faol ishtirok etish uchun strategik yo'nalish bo'yicha harakatlanmoqda. Biz ko'p qirrali mintaqaviy hamkorlik tarafdorimiz".

Turkmaniston prezidenti mintaqada keng tarmoqli temir yo'l va avtomobil yo'llarini yaratish mintaqa taraqqiyotiga ijobiy hissa qo'shishini ta'kidlab, Birlashgan Millatlar Tashkilotini bu tashabbusni qo'llab-quvvatlashga chaqirdi.

Sammitning bugungi yig'ilishida Rossiya, Afg'oniston, Eron, Pokiston va ko'plab boshqa davlat rahbarlari ma'ruzalari ham rejalangan. Kecha esa prezident Islom Karimov BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan uchrashgan. Qo'shni Qirg'iziston janubidagi etnik zo'ravonliklar uchrashuv diqqat markazida bo'lgan. O'zbekiston rahbari kechagi ma'ruzasida yuzlab odamlar yositig'ini quritgan, bir million odam uyini tashlab chiqishga majbur qilgan xunrezlikni tergov qilishga chaqirgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG