Breaking News

Qirg'iziston va Qozog'iston rahbarlari BMT Bosh Assambleyasida tinchlik va hamkorlik haqida so'zladi


Qirg'iziston rahbari Roza Otunbayeva Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yillik anjumani doirasida O'zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan uchrashgan.

Yig'inning birinchi kunida, 20 sentabrda kechgan muloqotda Qirg'iziston janubidagi bugungi vaziyat va o'zbek aholi xavfsizligi haqida gaplashilgan. Otunbayeva va Karimov qirg'iz-o'zbek xalqi kelishib yashay oladi degan fikrni olg'a surgan.

Otunbayeva BMT qoshida ko'plab mamlakat va xalqaro tashkilotlarning rahbarlari bilan ham muloqot qilmoqda. AQSh prezidenti Barak Obama bilan juma kuniga qisqa uchrashuv rejalangan. Unda Amerika yordami va Manasdagi tranzit markazi haqida gap ketishi kutilmoqda.

Bugun Roza Otunbayeva BMT Bosh Assambleyasi minbaridan turib dunyo ahliga qilgan murojaatida, mamlakati nochor ahvolda ekanini tan olib, har tomonlama yordam so'radi. Qirg'iziston rivojlanishga harakat qilmoqa, demokratiyadan chekingan emas, deydi u.

Respublika prezidentlik hokimiyatidan parlament boshqaruviga o'tish harakatida va bu nozik jarayondan o'z qora maqsadi yo'lida foydalanayotgan kuchlar bor, deydi Otunbayeva.

Nyu-Yorkdagi uchrashuvlarda muvaqqat rahbar etnik birdamlikka erishish uchun uning ma'muriyati qo'ldan kelgan barcha chorani ko'rayotganini aytayapti. Qirg'izistonda parlament saylovlari 10 oktabrda o'tadi.

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Kanat Saudabayev BMTdagi nutqida o'z davlatini mukammal taraqqiy etishga bel bog'lagan va buning uchun serqirra siyosat ishlab chiqqan respublika deya ta'rifladi. Iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish bir maromda ketmoqda va Qozog'iston Markaziy Osiyo xavfsizligi va farovonligi uchun hissa qo'shib kelmoqda, dedi u.

Qozog'iston Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilar ekan, Saudabayevning aytishicha, Qirg'izistondagi etnik fojia oqibatlarini yengish va siyosiy inqirozdan chiqish kuchli xalqaro hamkorlik talab qiladi.

BMT yig'ilishi oldidan Saudabayev Bosh kotib Pan Gi Mun bilan uchrashgan. Pan Gi Mun fikricha bu davlat yadroviy qurol- materiallar tarqalmasligi jiddiy qadamlar tashlamoqda.

Qozog'iston vaziri bugungi ma'ruzasida ham bu masalaga to'xtalib, dunyoni atom qurollaridan voz kechishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG