Breaking News

Turkmaniston AQSh bilan aloqalarini kengaytirmoqchi


Turkmaniston prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov rasmiy Vashington va AQSh kompaniyalari bilan aloqalarni kengaytirishga tayyor ekanini bildirmoqda. Turkmaniston, deydi u, Afg’onistonda barqarorlik o’rnatish harakatlarini ham qo’llab-quvvatlaydi.

AQShning Markaziy Osiyodagi qo’shini qo’mondoni, admiral Vilyam Fallon va Davlat departamenti rasmiylari Ashgabadda Turkmaniston rahbari bilan muloqot qilgan.

Maqsad, deya yozadi Nyu York Tayms gazetasi, dunyodagi eng yopiq va sirli davlatlardan biri bo’lgan Turkmaniston bilan yaqinlashish va prezident Qurbonguli Berdimuhammedovni kengroq hamkorlikka chorlash.

Sobiq prezident Saparmurod Niyozov o’limidan so’ng uning o’rniga saylangan Berdimuhammedov islohotlarga ishora qilgan, lekin bu vaqt talab qiladi, deydi AQShning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomatlaridan Evan Feygenbaum.

AQSh admirali bilan uchrashuvda Turkmaniston rahbari Kaspiy dengizi orqali G’arbga gaz yetkazuvchi quvur qurish rejasini ma’lum qilgan. Rasmiy Vashington va Ashgabad o’rtasida xavfsizlik bo’yicha hamkorlik ham davom etadi.

So’nggi yillarda Turkmaniston harbiylari, razvedka va politsiya xodimlari AQSh va Yevropada malaka oshirgan, deb yozadi Nyo York Tayms gazetasi. Turkmaniston chegarachilari ham AQShning Nevada shtatida tayyorgarlikdan o’tkazilgan.

Pentagon iltimosiga ko’ra, AQSh harbiy samolyotlariga Turkmaniston osmonidan uchib o’tish va Mari shahrida favqulodda vaziyatlarda qo’nishga ruxsat berilgan edi. Bu shartnoma hamon amalda.

Los Anjeles Tayms gazetasiga ko’ra, AQSh harbiylarining Turkmanistonga tashrifi ommaviy axborot vositalarida ijobiy yoritilgan. Lekin admiral Vilyam Fallonning Turkmanistonda fuqaro jamiyati va demokratiya haqidagi izohlari Turkmaniston axborot dasturlaridan joy olmagan.

XS
SM
MD
LG