Turkmaniston prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedovning bir yillik faoliyati tahlil ostida.
Turkmanistonning o`zida bu davr uyg`onish davri sifatida baholanmoqda. Berdimuhammedov o’tgan bir yil ichida maorif sohasi yangilandi deydi.
Turkmaniston matbuotiga ko’ra, yangi prezident qator islohotlar boshlagan, xususan jamiyatni erkinlashtirishni asosiy maqsadi deb belgilagan.
Aholiga internetdan foydalanish imkoniyati berilgan. Turkmanboshi davrida ta`qiqilangan teatr san’ati ma`lum yo`nalishlarda qayta ish boshlagan. Siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqarilgan.
Ta`lim tizimida tukmanboshiga sig`inish ma`lum darajada cheklangangani qaramay, deydi ayrim tanqidchilar, Berdimuhammedov shaxsini daholashtirish uchun harakatlar borligi sezilmoqda.
O’zbekistonda tan olinmagan “Erk” muxolif partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov nazarida qo’shni davlatda “siyosiy boshqaruv o`zgardi deya olmaysiz”.
“Siyosat avtoritarizm ta`siridan chiqmagan. Demokratik boshqaruv usuliga o`tilgani yo`q. Bu yo`lga tushulgani ham yo`q. Bu jamiyat ko`p partiyaviylik, inson huquqlariga hurmat degan narsalardan ancha yiroq. O`zgarishlar avtoritar tuzum doirasida qilinmoqda”, - deydi Oripov.
Saparmurod Niyozov o’limidan keyin hokimiyatga kelgan Berdimuhammedov qo`shni davlatlar bilan aloqani tiklay boshladi, jumladan, O`zbekiston bilan.
Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov qisqa davr ichida Turkmaniston- O`zbekiston aloqalari yangi bosqichga ko`tarildi deydi.
“Markaziy Osiyo energetik zahiralarini sotishda Rossiya, Qozog`iston, Turkmaniston va O`zbekiston o`rtasida Markaz – O`rta Osiyo quvurlarini kengaytirish haqidagi bitim imzolandi. Kaspiy dengizi orqali energetik zahiralarni sotishda pozitsiyalar bir ekanligi kuzatilmoqda”, - deydi Soyibnazarov.
Siyosatshunos Farxod Tolipov fikricha Turkmaniston energetika siyosati mintaqa uchun uchun muhum ahamiyat kasb etadi.
“Quvurlar yotqizilishidagi muzokaralarda Turkmaniston ishtiroki kuzatilmoqda. Ayrim o’zgarishlarni islohot deb baholash mumkin. Lekin hali bu jarayon ancha sekin”, - deydi siyosatshunos.
Berdimuhammaedov Yevropaga qilgan safarida yonilg’i ta’minotini kengaytirish uchun barcha davlatlar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirgan.
Ulkan gaz zahiralariga ega Turkmaniston G`arb, Rossiya va Xitoy manfaatlari to`qnashuvchi davlat sifatida ko’riladi.
Niyozov davrida Turkmaniston Rossiya bilan gaz savdosi bo`yicha 25 yillik shartnoma tuzgan edi. Bugunga kelib turkman gazini O`zbekiston orqali Xitoyga sotish borasida bitim ham imzolangan.
Bundan tashqari turkman gazini Rossiyani chetlab o’tgan holda Yevropaga chiqarish loyihasi ham muhokamada.
Turkmanistonning nafaqat Yevropa Ittifoqi balki Qo'shma Shtatlar bilan munosabatlari ham faol tus olmoqda. Vashington rasmiylari, jumladan AQSh Davlat departamenti vakillari Ashgabatda o'tgan bir yil ichida kamida besh marta safar qilgan.
Berdimuhammedov hukumati Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Jamg'armasi kabi yirik moliyaviy tashkilotlar tomonidan "hamkorlikka shay va o'zgarishlar qilishga moyil va qodir" boshqaruv sifatida tilga olinmoqda.