G’arb davlatlari yonilg’iga boy Kaspiy mintaqasida yangi quvur barpo etish taklifini qo’llab-quvvatlamoqda.
Ammo Rossiya va Eron bunday loyiha amalga oshishiga qarshi.
2005 yilda Ozarbayjondan Gruziya orqali Turkiyaning Jayxun portiga neft yetkazuvchi 1600 kilometrli quvur ishga tushirilgan edi. Bu quvurdan dunyo bozorlariga kuniga 1 milliard barrel neft yetkaziladi. Rossiyani chetlab o’tuvchi bu loyihani Ozarbayjon va g’arb davlatlari qo’llab-quvvatlagan edi.
Ayni paytda Yevropa Ittifoqi, Qozog’iston va AQSh Rossiya hududini chetlab o’tuvchi yana bir quvur qurishni taklif qilmoqda. Loyiha Qozog’istonning Qashag’an konidan dunyo bozorlariga ko’proq neft yetkazishga qaratilgan.
AQSh bosh diplomatlaridan Evan Feygenbaumning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari tabiiy boyliklarini bozorga chiqarishda mustaqil siyosat yurita olishi lozim.
Trans-Kaspiy quvuri barpo etish rejasiga Turkmaniston ham ijobiy qaraydi. AQSh va Yevropa davlatlari rasmiy Ashgabadning o’z mahsulotini Rossiya ishtirokisiz bozorlarga chiqarish harakatlarini olqishlamoqda. Rossiya fikricha esa har qanday yangi loyiha amalga oshishi uchun barcha davlatlar roziligini olish kerak.
Tahlilchi Stiv Levin nazarida, Eron va Rossiya yangi quvur qurilishiga qarshilik bildirib, G’arbdan o’ch olmoqchi. AQShning har ikki davlat bilan munosabatlari tarang.
Yil boshida Turkmaniston hukumati Rossiya va Qozog’iston bilan Kaspiydan shimolga qarab quvur yotqizishni muhokama qilgan edi. Biroq hech qanday aniq hujjat imzolanmagan.