Breaking News

Neft va gazga boy Kaspiy dengizi bo'yida ekologik ahvol og'ir


Turkmanboshi Saparmurod Niyozov o’limidan so’ng, endi Turkmaniston ochiladi, yangi prezident Qurbonguli Berdimuhamedov xalqaro sarmoyadorlarga imkoniyatlar yaratadi degan umid paydo bo’ldi. Turkmaniston tabiiy gazga boy davlat.

Mahsulotga-ku qiziqish juda katta, biroq ayrim nohukumat tashkilotlar nazarida, mamlakat tabiiy boyliklar sanoatini ishlab chiqarishni kengaytirar ekan, atrof-muhit ham shuncha ko’p xavf ostida. Nafaqat Turkmaniston, balki butun mintaqa ekologiyasi gidrokarbonat chiqindilardan zaharlanyapti.

“Sarmoya o’sishi davrida Turkmaniston yuzlashayotgan ekologik xavf”, deya nomlangan hujjat Crude Accountability - neft va gaz ishlab chiqarishda oshkoralikka undovchi, AQShda asoslangan xalqaro tashkilot tomonidan chiqarilgan.

“G’arb kompaniyalari albatta ko’proq yonilg’i olishni, kattaroq sarmoya kiritishni istaydi. Biroq Kaspiy dengizidagi ekologik vaziyat bunday bosimdan katta zarar ko’rmoqda. Shu sabab, xalqlarni ogohlikka, boylik deb tabiatni boy bermaslikka chaqirayapmiz”,- deydi tashkilot vakili Keyt Votters.

Diqqat asosan yonilg’i boyliklari bilan tanilgan Kaspiy mintaqasi ekologiyasiga qaratilmoqda.

Dengizdagi zaxiralardan katta foyda keladi, biroq ularni chiqarishda atrof-muhitga zarar obdon hisobga olinishi kerak, deydi Ket Votters.

“Kaspiy dengizida yashovchi barcha jonzodlar, atrofdagi o’simliklar Qizil Kitobga kiritilgan. Ayni paytda u yerda topilayotgan neft va gazdan yuzlab turdagi hayvonlar, yuzlab turdagi o’simlik dunyosi zarar ko’rmoqda. Shuningdek, mintaqa aholisi ekologiya ifloslanishi tufayli jiddiy kasalliklarga chalinmoqda. Agar neft va gaz ishlab chiqarish hajmi oshsa, hayvon, o’simliklar qirilish, aholi salomatligi esa inqiroz bilan yuzlashadi.”

Kaspiydagi yonilg’i zaxiralariga nafaqat Turkmaniston, shuningdek Eron, Ozarbayjon, Rossiya va Qozog’iston ham sherik. Har bir davlat bu dengizdagi hayotni, uning sohillaridagi turmushni asrash uchun birdek qayg’urishi lozim, deydi mutaxassis.

“Yonilg’i kompaniyalari biron bir mamlakatga kirishdan oldin, shartnoma tuzadi. Biroq bu shartnoma shartlari ommaga oshkor etilmaydi",- deydi Keyt Votters.

"Biz G’arb kompaniyalarini oshkora ishlashga chaqirayapmiz. Bundan tashqari Turkmaniston va Kaspiy bo’yida joylashgan boshqa davlatlar dengiz hayotini himoya qilish borasida Tehron konvensiyasiga imzo chekkan. Unda ekologiya bilan bog’liq barcha ma’lumotlar ommaga oshkor etilishi lozim deyilgan.”

Keyt Vottersning aytishicha, mintaqa davlatlari AQShga ikki yuzlamachi davlat sifatida qaraydi. Rasmiy Vashingtonning demokratiya va inson huquqlari targ’iboti Kaspiy dengizi bo’yidagi hech bir hukumatga yoqmaydi, deydi mutaxassis.

AQSh hukumati bu davlatlar bilan til topishmas ekan, mintaqadagi obro’sini tiklamas ekan, deydi yonilg’i borasida oshkora siyosat targ’ibotchisi, Amerikaning demokratiya va xalq farovonligi borasidagi bayonotlari neft va gazga boy bu davlatlar tomonidan jiddiy e’tiborga olinmaydi.

XS
SM
MD
LG